Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurolli Kuchlar qudrati va salohiyati yuksalmoqda
16:42 / 2021-04-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizning harbiy salohiyati yuksalib, zamonaviy qurol-aslaha bilan qurollangan, bugungi kun talabiga to‘la javob bera oladigan, tezkor milliy armiya shakllandi.

 Qurolli Kuchlar tizimida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi yuksak darajada bo‘lishi, xizmatni yuqori saviyada o‘tashlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, Andijon shahridagi harbiy qismda ham ana shu yo‘nalishda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

Keyingi yillarda harbiy qismda qator tarkibiy-tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirildi – jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalarga maxsus jihoz va uskunalar o‘rnatildi, oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha autsorsing tizimi joriy qilindi, o‘quv binolari, mashg‘ulot maydonlari, yotoqxona, sport zali va maydonlari ta’mirdan chiqarildi. Amalga oshirilgan bu ishlar harbiy xizmatchilarning kuch-g‘ayrati, professional malaka va jangovar shayligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ma’naviyati, professional va siyosiy bilimlarini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, askarlar bo‘sh vaqtlarida harbiy qismda tashkil etilgan axborot-kutubxona markazida kitob o‘qib, o‘z bilim va dunyoqarashini oshirmoqda.

Harbiy xizmatchilardan serjantlar Ilhomjon Tursunov, Muzaffar Matmisayev, leytenant Bunyodbek Xolmirzayev, katta leytenant Odiljon Yoqubov, kapitan Qahramon Berdiyev singari askar va zobitlar jangovar, ma’naviy va mafkuraviy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishib, xizmatdoshlariga namuna bo‘lmoqda.

O‘tkazilayotgan sport musobaqalari askarlarning jismonan baquvvat bo‘lishiga yordam berayotgan bo‘lsa, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, urush va mehnat faxriylari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlar ularning yanada faol bo‘lishga undamoqda, qalblarida Vatanparvarlik, burchga, ona yurt himoyasiga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.

Qachonki, harbiyning oilasi, farzandlari tinch bo‘lsa, u xotirjam bo‘ladi, xizmat vazifasini yuksak darajada ado etadi. Shu ma’noda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari yashash sharoitlarini yaxshilash borasida ham ibratli ishlar amalga oshirildi. Xususan, harbiylarning oilalari yashayotgan uylardagi kommunal tizimlar bilan bog‘liq muammolar to‘la bartaraf etildi. Bundan tashqari, dam olish kunlari hamda turli bayramlar munosabati bilan harbiylar, ularning oila a’zolari, farzandlari ishtirokida tashkil etilayotgan sport musobaqalari ularni sog‘lom bo‘lishlari, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Keyingi ikki yil ichida birgina Andijonning o‘zida harbiylar uchun zamonaviy, barcha qulayliklarga ega o‘nlab yangi uylar barpo etildi.

2019-2020 yillarda Andijon shahrining Maorif mahallasi, Gumbaz va Qo‘shariq dahalarida qurilib foydalanishga topshirilgan 210 kvartiradan iborat ikki va uch xonali, shinam ko‘p qavatli uylar harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun chinakam tuhfa bo‘ldi.

Milliy armiyamiz salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlar, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish, xizmat va oilaviy sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilgan yuqoridagi kabi ishlar samarasi o‘laroq, harbiy xizmatchilarning jangovar salohiyati yanada yuksalmoqda, harbiy burchni yuksak saviyada ado etishlariga yordam bermoqda.

 

Olimjon JO‘RAEV,

Andijon shahridagi harbiy qism vzvod komandirining 

tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kapitan.