Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurolli Kuchlar akademiyasida malakali ofitser kadrlar tayyorlanmoqda
16:00 / 2021-12-24

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkil etildi.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 apreldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi (sobiq Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti) yangidan barpo etildi.

bugungi kunda mazkur oliygohda yuqori bo‘g‘in qo‘mondonlik ofitserlarini tayyorlash va Qurolli Kuchlar tarkibini har tomonlama yetuk, malakali ofitser kadrlar bilan butlash hamda mudofaa qurilishi sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda.

Akademiyada umumqo‘shin, harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlariga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti va Ichki ishlar vazirligi harbiylashgan bo‘linmalari mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha 17 ta kafedra faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan bo‘linmalarni mohirona boshqara oladigan, rahbarlik, tashkilotchilik va pedagogik faoliyat ko‘nikmalariga ega, milliy mustaqillik g‘oyalariga sadoqatli, keng saviyali, intellektual salohiyatli, liderlik qobiliyati yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlanmoqda.

Akademiyada shaxsiy tarkib uchun barcha imkoniyatlar, 4000 dan ortiq kitobga, internet va 15 mingdan ortiq elektron adabiyotlarga ega Axborot-resurs markazi faoliyat yuritadi. Markaz akademiya faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, akademiyaning muzeyida ham 100 yildan ortiq tarixga ega eksponatlar va qo‘lyozmalar mavjud.

Ushbu o‘quv maskani mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy ta’lim muassasalarida to‘plangan faoliyat tajribasini o‘ziga qamrab olgan holda, harbiy ta’limning yagona tizimida asosiy o‘rinni egallab, tom ma’noda harbiy ilm-fan markaziga aylandi.

Mazkur oliygohda yosh ofitserlarni tayyorlash, qo‘shinlarda xizmat o‘tayotgan ofitserlar malakasini oshirish, shuningdek, boshqaruv tarkibidagi qo‘mondonlik kadrlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti. Mazkur vazifalarni bajarish uchun ta’lim jarayoniga eng yangi usul va texnologiyalar joriy etilib, o‘quv auditoriyalari zamonaviy trenajyorlar, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlangan.

[gallery-5207]

Press-tur davomida bugungi kunda Qurolli Kuchlar akademiyasi mazmun jihatidan tubdan o‘zgarganiga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, auditoriyalar kompyuter texnikasi, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan. Zamonaviy situatsion markaz, trenajyorlar tashkil etilgan. Kursantlarning o‘qishi va jangovar mashg‘ulotlar o‘tashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan.

O‘quv binosida harbiy texnikaning asosiy namunalari bo‘yicha dinamik kompyuter trenajyorlar imkoniyatlari namoyish qilindi. Undan akademiya kursantlarining ixtirochilik va innovatsion ishlanmalari o‘rin olgan.

– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi (sobiq Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti) yangidan barpo etildi, – deydi Mudofaa vazirining matbuot kotibi — axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Bahrom Zulfiqorov. – Akademiya Markaziy Osiyodagi eng zo‘r harbiy bilim yurti hisoblanadi. Mazkur oliygohning xalqaro maydonda ham nufuzi yuqori. Mazkur oliygohda harbiylarimiz, kursant va tinglovchilar eng ilg‘or, innovatsion bilim va ko‘nikmalarni egallashi, soha bo‘yicha dunyodagi yangiliklardan xabardor bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Tarixdan ma’lum Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi ajdodlarimiz jang sanatini mukammal bilgan. Buni butun jahon tan oladi. Shu boisdan, oliygohda harbiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda harbiy ilmni rivojlantirish borasida milliy harbiy san’at tarixi chuqur o‘rgatiladi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA