Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurolga oid qonun kuchga kirdi
14:04 / 2022-09-26

Xabaringiz bor, joriy yil 31 mayda davlatimiz rahbari “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.

Mazkur qonun sentyabr oyi boshida kuchga kirdi. Chunki qonunda rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. Qonunning 2-moddasi 4-bandi va 3-moddasi 4- 7-bandlari esa dekabr oyida amalga kiritiladi. 

Aytib o‘tish kerakki, amaldagi “Qurol to‘g‘risida”gi qonun bilan o‘qotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tig‘li, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berilgan. 

Biroq, o‘qotar bo‘lmagan yuqorida ko‘rsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilganlik uchun esa qonunchiligimizda javobgarlik mavjud emas edi. 

O‘qotar bo‘lmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, ya’ni uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish, ta’lim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga esa kafolat yo‘q. 

Shu bois, qonun bilan amaldagi ikkita kodeks va oltita  qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazildi.  

O‘qotar bo‘lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik belgilandi.  

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh senzi yigirma besh yosh etib belgilandi (ilgari yigirma bir yosh edi).   

Bundan tashqari, fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etish taqiqlandi.  

Qonun bilan Jinoyat kodeksining 249-moddasi yangi tahrirda bayon etildi. O‘zgartirishlarga ko‘ra, jinoiy javobgarlik o‘qotar qurolni va uning o‘q-dorilarini, shuningdek pnevmatik qurolni, tig‘li sovuq qurolni (ov pichoqlarini, ov xanjarchalari va xanjarlarni, rapiralar, shpagalar va qilichlarni), uloqtirish qurolini (kamonlar, arbaletlar va nayzalarni), signal beruvchi qurolni saqlash, olib yurish, tashish qoidalarini buzish odamning o‘limiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa yuzaga keladi.  

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun jarima miqdorlari oshirildi. (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi). 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 220-1-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, ulardan foydalanish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tish; pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli litsenziyalarisiz ishlab chiqarish, ta’mirlash, realizatsiya qilish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.  

“Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasi 2-qismi yangi tahrirda bayon etildi. Unga ko‘ra, yo‘lovchilarga sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish taqiqlandi.  
 

Elbek Usanov,  
Mirobod tumani ichki ishlar  
organlari faoliyatini muvofiqlashtirish  
boshqarmasi mas’ul xodimi.