Qurol savdosi tufayli Xitoyning AQSHga qarshi sanksiyalari kuchaytirildi
Xitoy hukumati Qo‘shma Shtatlarning Tayvanga qurol sotuvchi ikki kompaniyasini “qora ro‘yxat”ga kiritdi.
Xitoy tashqi ishlar mahkamasi vakili Van Venbinning aytishicha, cheklov choralari “Lockheed Martin” va “Raytheon Technologies” kompaniyasiga joriy qilinadi.
Amerika kompaniyalari qurol savdosi bilan ancha vaqtdan buyon shug‘ullanib keladi. Diplomat Tayvanga qurol sotish “Yagona Xitoy” prinsipiga xilof bo‘lib, mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga raxna solishini ta’kidladi.
Rasmiy vakil, shuningdek, qurol yetkazib berish bo‘yicha bitimni “mamlakatning ichki ishiga qo‘pol aralashuv” deb atadi.
Xabarda eslatilishicha, avvalroq, Vashington Tayvanga 100 million dollarlik harbiy-texnika vositalari, jumladan, “Patriot” zenit-raketa tizimini yetkazish bo‘yicha bitimni ma’qullagan edi.