French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurol muomalasi sohasidagi nazorat Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazilmoqda
16:03 / 2022-02-08

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan amaldagi qonunlardagi mavjud tushunchalarni, qurol turlari va ularning huquqiy mavqeini «Qurol to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda. Qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish vazifalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga huquqiy jihatdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, qurol muomalasi bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilishi belgilangan.  

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasini tayyorlash davomida xorijiy tajribalar o‘rganilgan. Xorijiy davlatlarda qurol muomalasi sohasidagi munosabatlar, ya’ni litsenziyalash va ruxsatnoma berish hamda ularning talablariga rioya etilishini nazorat qilish vakolati yagona davlat organiga topshirilgan. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarda quroldan foydalanish yoshi 18-20 yosh etib belgilangan. Ushbu qonun bilan esa yurtimizda ov qurolini olish 25 yosh etib belgilanmoqda.   
 
Amaldagi “Qurol to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan fuqarolar fuqaroviy sport qurolini va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini, 21 yoshga to‘lgan fuqarolar fuqaroviy ov qurolini olish huquqiga ega.   
 
Deputatlar quroldan foydalanish yoshi nega aynan 25 yosh etib belgilanayotgani bilan qiziqdi. Prokuratura vakillarining qayd etishicha,  yurtimizda 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar 49 ta ov qurollariga ega, 25 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida esa 500 nafar fuqaroda ovchilik qurollari bor. Aksariyat hollarda “menda qurol bor” degan o‘zini ko‘rsatish maqsadida sotib olingan hollar ham bor. Ov qurolini sotib olish yoshi 25 yosh qilib belgilanishi yoshlar o‘rtasida sovuq qurollardan foydalanib, turli jinoyatlarni sodir etish holatlari kamayishiga xizmat qiladi.   
 
Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlarida javobgarlik faqatgina o‘qotar qurolning muomalasi sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan bo‘lib, «Qurol to‘g‘risida»gi qonun bilan joriy etilgan boshqa, o‘qotar bo‘lmagan qurol turlari (pnevmatik, tig‘li sovuq, uloqtirish, signal beruvchi, o‘zini o‘zi himoya qilish) bilan sodir etilgan g‘ayriqonuniy qilmishlar uchun javobgarlik umuman belgilanmagan.   
 
Loyiha bilan 6 ta qonundagi qurol muomalasiga oid ishlatilayotgan tushunchalar va faoliyati qurol bilan bog‘liq mansabdor shaxslarning huquqiy mavqei to‘g‘risidagi normalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali «Qurol to‘g‘risida»gi qonun va qurol muomalasi sohasidagi tegishli qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.   
 
Qonun loyihasi konsepsiyasi qizg‘in muhokama qilinib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.   


 
Muhtarama Komilova, O‘zA