2025 yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Bu bejiz emas. Chunki bugun turli ekologik muammolar, atmosfera va atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi kabi holatlar yuz berib, bu o‘z navbatida, inson salomatligi va hayotimizga ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘nggi paytlarda atmosfera havosi ifloslanishi, ayniqsa, poytaxtimizda bu muammoning avj olib borayotgani keng muhokamalarga, jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Atmosferaning ifloslanishiga turli omillar sabab bo‘layotganini ko‘rib, guvohi bo‘layapmiz. Ana shunday omillardan biri qurilishlar ekani sir emas. Ya’ni, qurilish maydonlarining kengayib borayotgani natijasida yashil hududlar qisqarmoqda, atrof-muhit ifloslanishi yuzaga kelmoqda.

Endilikda bu kabi holatlarning oldini olishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Gap shundaki, ekologik vaziyatni yaxshilash, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. Ayni kunlarda ushbu loyiha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilash taklif etilmoqda.
Ushbu harakatni sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida, huquqbuzarlik jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima belgilash taklif etilmoqda.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolari qonun loyihasidagi normalarni muhokama qilib, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi. Taklif etilayotgan normalar qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini, javobgarligini oshirishga xizmat qilib, atrof-muhitga zararli ta’sirlarni kamaytiradi.
M.Komilova,
O‘zA