FOTOREPORTAJ
Bugungi kunda Namangan viloyati shahar va tumanlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari qizg‘in sur’atda olib borilmoqda. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov qator qurilish ob’ektlarida bo‘lib, jarayon bilan tanishdi.
Xususan, ayni damda Davlatobod tumani hududida joylashgan Namangan xalqaro aeroportida davlat-xususiy sherikchilik asosida yuk terminali, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolarini barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, aeroportning yo‘lovchi terminali quvvati soatiga ming nafarga yetkaziladi.
[gallery-24112]
Viloyat rahbari bu yerda qurilish ishlarini tezlatish barobarida sifatga alohida e’tibor qaratish zaruratiga urg‘u berdi. Shundan so‘ng “Yangi Namangan shaharchasi”da ko‘p qavatli uy-joylar hamda zamonaviy Ko‘rgazmalar markazi qurilishining borishi ko‘zdan kechirildi.
Namangan shahrida Q. Mamarasulov nomidagi ko‘cha ham shu kunlarda tamoman yangi qiyofa kasb etib bormoqda. Loyihaga ko‘ra, yo‘lning ikki cheti obodonlashtirilib, savdo va servis shoxobchalari tashkil etiladi va ular tunu kun yurtdoshlarimiz xizmatida bo‘ladi.
Viloyat hokimi transport harakati tirbandligining oldini olish, piyodalar uchun qulay sharoit yaratish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash masalalariga to‘xtaldi.
Xuddi shunday, Namangan-Chortoq yo‘lini ta’mirlash, “Taraqqiyot” sanoat va servis markazida olib borilayotgan bunyodkorliklar ham o‘rganildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA