Bugun nima ko‘p – qurilish ko‘p. Istalgan shahar va qishloqqa boring, yangi qurilayotgan, ta’mirlanayotgan bino va inshootlarni ko‘rasiz. Quvonasiz-a? Yangi uylar, ravon yo‘llar, yangi maktab va bog‘chalar, shifo maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, yirik zavod va ishlab chiqarish korxonalari – barcha-barchasi yurt obodligidan nishona, odamlar uchun qulay, yuqori darajadagi turmush sharoiti yaratilayotganidan dalolat.
Ammo ba’zida qurilish ob’ektlarida “mendan ketguncha egasiga yetguncha” qabilida ish tutilayotgani, davlat tomonidan ajratilayotgan katta-katta mablag‘ maqsadsiz ishlayotilayotganini ko‘rib, xafsalangiz pir bo‘ladi.

Samarqand viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasining joriy yil olti oyidagi faoliyatiga nazar tashlab, ular tomonidan o‘tkazilgan nazorat va monitoring tadbirlari davomida bir qator shunday holatlar qayd etilganini ko‘rdik.
Masalan, Urgut tumani Kamangaron ko‘chasida qurilayotgan savdo kompleksi binosi kotlovan nishabligi qurilish me’yorlariga zid bajarilgan. Pastdarg‘om tumani Chortut mahallasida barpo etilayotgan ko‘p qavatli binoga olib kelingan beton plitalarning sifati belgilangan talablarga mos emas. Oqdaryo tumani Boshdarxon mahallasida qurilayotgan maktab binosining xonalarora devorlari belgilangan talablarga zid ravishda loy-tuproq qorishma bilan terilgan.

– Bugungi kunda inspeksiyamiz tomonidan viloyatimizdagi 2925 ta qurilish ob’ektida nazorat ishlari olib borilmoqda, – deydi Samarqand viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi boshlig‘i Umar Mirzayev. – Yilning birinchi yarmida mazkur ob’ektlarda 18214 marotaba monitoring o‘tkazildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qurilishga mas’ullarga 10301 ta yozma ko‘rsatma berildi. Qurilish ob’ektlarida qo‘llanilgan sifatsiz qurilish materiallari va buyumlari yuzasidan 36 ta tashkilotga taqdimnomalar kiritildi. 524 holatda esa sifatsiz qurilish-montaj-ishlari buzdirildi. Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 544 ta holatda inspeksiya vakolati doirasida ma’muriy jarimalar rasmiylashtirildi. Loyihalashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun 4 ta mas’ul tashkilotning litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarini bekor qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritdik.
Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish borasidagi ishlar ham muntazam o‘rganib borilmoqda. Yil boshidan buyon viloyatda mavjud 2650 ta ko‘p kvartirali uyning 1393 tasi texnik holati o‘rganilganda 197 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga yozma ko‘rsatmalar berildi.

Misol uchun, Samarqand shahar Katta ariq mahallasida joylashgan ko‘p qavatli turarjoy binosining ichki tayanch va to‘siq konstruksiyasiga shikast yetkazgan holda fuqaro tomonidan noqonuniy tarzda eshik ochilganligi aniqlandi. Bu fuqaroga nisbatan 7,5 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilib, nuqson ixtiyoriy ravishda bartaraf qilingan.
Ko‘p qavatli uylarda aniqlangan shu kabi 124 ta huquqbuzarlik bartaraf etilib, 13 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi.

Samarqand viloyati hududiy inspeksiyasi tomonidan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish ustidan davlat nazorati bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilib, aniqlangan qonunga zid holatlar bartaraf etildi.
Qurilishdagi kamchilik va nuqsonlar hali bino, inshoot qurilayotgan paytda aniqlanib, bartaraf etilgani yaxshi, albatta. Ammo bunday kamchiliklar inspeksiya nazorati yoki buyurtmachi e’tiboridan chetda qolib ketsa nima bo‘ladi? Bunday holatlar uchramaydi, deb ayta olamizmi? Afsuski, bunga hech kim kafolat bera olmaydi. Buyog‘i quruvchining, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchining zimmasidagi mas’uliyatni qay darajada his qilishiga, vijdoniga bog‘liqmi? Buni vaqt ko‘rsatadi.

G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri