So‘nggi paytlarda qurilish sohasida shartnoma shartlari bajarilmasligi, fuqarolar to‘lagan pullarining qaytarilmasligi kabi holatlar ko‘p uchramoqda. Ana shunday vaziyatda qolgan fuqarolarning huquqlari Raqobat qo‘mitasining aralashuvi bilan qonun doirasida himoya qilindi.
Raqobat qo‘mitasiga fuqarolar P.M. va M.F. tomonidan yo‘llangan murojaatda qurilish shartnomasi bajarilmayotgani, shu sababli to‘langan mablag‘lar qaytarilmayotgani bildirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar 2023 yilda “GRAND COMFORT BUILDING” MCHJ bilan “RABAD” savdo markazi qurilishida ishtirok etish maqsadida shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko‘ra, ob’ekt 2025 yil fevral oyida foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq qurilish ishlari to‘xtab qolgan va belgilangan muddatda ob’ekt topshirilmasligi aniqlangan.
Shu munosabat bilan fuqarolar 2025 yil avgust oyida shartnomani bekor qilish uchun ariza bergan bo‘lsa-da, to‘langan pul mablag‘lari uzoq vaqt davomida qaytarilmagan. Bu esa ularning haqli noroziligiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, ijrochi shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi shart.
Mazkur murojaat Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilib, natijada “GRAND COMFORT BUILDING” MCHJ tomonidan har bir iste’molchiga 133 602 000 so‘mdan, jami 267 204 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Shu tariqa, fuqarolarning qonuniy huquqlari tiklandi.
Raqobat qo‘mitasi bu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirib, qurilish sohasida qonunbuzarliklarning oldini olish, shartnomalar ijrosini ta’minlash va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirmoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA