English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilishda “resurs” usulidan voz kechilib, “hajm” usuliga o‘tish rejalashtirilgan
13:42 / 2024-09-25

Xabaringiz bor, 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda soha oldida turgan dolzarb masalalar va ularning yechimlari bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov kuydagilarni so‘zlab berdi:

– Topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning dekabriga qadar 13 ta shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish hamda 38 ta shaharsozlik normalari va qoidalarini ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish ishlari yakunlanadi. 

Ushbu normativ hujjatlarda, umumiy texnik me’yorlar va talablardan tashqari, asoslar va poydevorlar va muhandislik inshootlari va tashqi muhandislik tarmoqlari, transport inshootlari, gidrotexnika, energetika va melioratsiya inshootlari va tizimlari shuningdek, shaharsozlik, turar joy va jamoat binolari yo‘nalishlarida loyihalash va qurish tartibotlari xalqaro talablarga moslashtiriladi. Shuningdek, yil yakuniga qadar 16 qavatdan yuqori bo‘lgan binolar qurish bo‘yicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinadi.

Kelasi yildan qurilishda “resurs” usulidan voz kechilib, “hajm” usuliga o‘tish rejalashtirilgan. Yangi “hajm“ usulning joriy etilishi nafaqat kelajakdagi qurilish uchun dastlabki byudjetni va uning samaradorligini aniqlashga, balki undan to‘g‘ridan-to‘g‘ri loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bosqichida foydalanishga imkon beradi. Buning natijasida loyiha-qidiruv tashkilotlarining xalqaro standartlar asosida loyihalashtirish ishlarini amalga oshirishi, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or innovatsion dasturiy ta’minotlarni joriy etish imkoniyati yaratiladi.

Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlarida loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish, loyihalarni ko‘rib chiqish muddatlari optimallashtiriladi. Bu boradagi muammolarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qaroriga tegishli qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, Kengash a’zolari so‘rovnoma kelib tushgan kundan boshlab o‘n bir ish kuni mobaynida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishadi yoki salbiy xulosa beradi. 

Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmalari, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi Kengashning ishchi organi sifatida so‘rovnomani uch ish kunida loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishib berishi zarur bo‘lgan Kengash a’zolariga yuboradi. Kengash a’zolari o‘z vakolati doirasida besh ish kunida loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishadi va unga e’tirozlar bo‘lmagan holatda QR-kod qo‘yilgan ijobiy xulosani yuboradi yoki kelishishni rad etadi. Xulosa beruvchilarning barchasidan ijobiy xulosalar olingandan so‘ng, boshqarmalar uch ish kunida yakuniy xulosani arizachiga yuboradi. Ariza beruvchiga elektron tizim orqali avtomatik tarzda QR-kod qo‘yilgan xulosa beriladi. Kengash a’zolarining javoblarida ko‘rsatilgan xato va kamchiliklar to‘g‘rilanib, takroriy ariza yuborilganda hududiy boshqarma avval ijobiy javob yuborgan kengash a’zosiga arizani qayta yubormasligi mumkin. Ushbu jarayon bilan ortiqcha ovoragarchilikning oldi olinadi, muddatlar qisqaradi va xizmatlar ko‘rsatish sifati yaxshilanadi.

Endilikda, uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi. Bunda developerlar o‘zlari qurayotgan uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi. Bu uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bankka topshiradi. Banklar esa yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Shunda banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil bo‘ladi. Yangi tizim Samarqand shahri, Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan o‘tkazilishi belgilandi.

Albatta, amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar, avvalo, odamlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda turmush farovonligini yanada yaxshilash kabi maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Sh.Mamaturopova, O‘zA