French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilishda raqamlashtirish: sohaga 15 elektron axborot tizimi joriy etilgan
12:19 / 2023-12-23

Qurilish tarmog‘ini raqamlashtirish, transport, qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalarni raqamli transformatsiya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan majlisda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan raqamlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. 

Qayd etilganidek, vazirlikning raqamlashtirish yo‘nalishidagi ishlari takomillashtirilgan. Xususan, sohaga 15 elektron axborot tizimi ishlab chiqilib, joriy etilgan. 

Jumladan, “Shaffof qurilish”, “Reyting”, “Tender”, “Qurilish sifati nazorati”, “Ogoh fuqaro” va “Mening uyim” kabi elektron axborot tizimlaridan yuridik va jismoniy shaxslar keng foydalanib kelmoqda. 

“Mening uyim” billing tizimi respublika hududlarida ko‘p kvartirali uy-joy xizmat ko‘rsatish jarayoniga majburiy badal to‘lovlarini avtomatlashtirilgan tarzda hisob-kitob qilish, onlayn tarzda elektron to‘lovni amalga oshirish, iste’molchilar tomonidan yashayotgan uyi to‘g‘risida ma’lumot olish imkonini beradi. 

Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan o‘rganishlarda ochiqlikni ta’minlash borasidagi ishlar holati tahlil qilindi. 

Jumladan, 2023 yil o‘tgan davr mobaynida qurilish va uy-joy masalalarida jamoatchilik faollari, jurnalistlar tomonidan ko‘tarilgan 856 tanqidiy materialga rasmiy munosabat bildirilgan. OAVlarning so‘rovlariga javob berilgan. 18 matbuot anjumani, 30 brifing tashkil etilgan. 

O‘rganishlar davomida vazirlik va uning hududiy boshqarmalari, ayrim tizim tashkilotlarida raqamlashtirish borasidagi ishlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ham aniqlandi. 

Jumladan, vazirlikning “Qurilish sifatini nazorat qilish” axborot tizimi, Ulushdorlar elektron reyestri, “Ogoh fuqaro”, “Issiqlik energiyasi uchun to‘lovlar” yagona billing axborot tizimlari uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining texnik ekspert xulosalari olinmagan. 

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2023 yil davomida ayrim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar rasmiy veb-saytda joylashtirilmagan. 

Majlisda vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarda raqamlashtirish hamda ochiqlikni ta’minlash borasidagi ishlarni samarali nazorat qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. 

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan raqamlashtirish sohasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarning samarali ijro etilishini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da belgilab berilgan vazifalarning o‘z muddatida ijrosini ta’minlash lozimligi muhokama etildi va navbatdagi vazifalar belgilab olindi. 

N.Abduraimova, O‘zA