Joriy yilning 10 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushgani haqida xabarlar tarqalgan va bu borada dastlabki rasmiy bayonot berilgan edi.
Bugun O‘zbekiston qurilish vaziri Botir Zokirov ana shu masalada OAV vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda qayd etilishicha, Jizzax shahar, «Zilol» MFY, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 1-2 qavatlari savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 3-6 qavatlari turar joy binosi bo‘lishi kutilgan ob’ektning buyurtmachi- pudratchisi “Barakali Qorako‘l Chorvador” fermer xo‘jaligi bo‘lib, loyihani “DISCOVERY ARCHITECTS GROUP” korxonasi tayyorlab bergan.
Qurilish-montaj ishlari 2020 yilning martida boshlangan bino dastalab 3 qavatli bo‘lishi borasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. Keyingi kiritilgan o‘zgartirish Jizzax viloyat Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilmagan, lekin Jizzax viloyati “Shaharsozlik hujjatlari” DUK Jizzax viloyat filialining 2020 yil 12 oktyabrda №393/1-20-son ijobiy yig‘ma ekspert xulosasi olingan.
Ushbu ob’ektda bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining loyihaga mosligi, bajarilgan ishlarning sifati ustidan hududiy nazorat inspeksiya inspektorlari bir necha marta nazorat ishlari o‘tkazgan va kamchiliklarni aniqlagan.
Bunda qurilish ob’ektiga olib kelingan temir-beton plita, g‘isht, armatura va sement maxsulotlariga muvofiqlik sertifikati taqdim etilmaganligi, ob’ektda umumiy va maxsus ish yuritish jurnallari yuritilmaganligi, uy-joyning poydevor va devor ishlarida bajarilgan quyma betonlarning loyihaviy mustahkamligiga mos kelishi bo‘yicha qurilish-sinov laboratoriya xulosasi taqdim etilmaganligi sababli inspeksiya yozma ko‘rsatma bergan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
ESLATMA: Vazirning fikrlari bilan videoda to‘liq tanishasiz. Matnda qisqarishlar mavjud.
<iframe width="1366" height="657" src="https://www.youtube.com/embed/nBxo_KgbBdk" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Sayyora Shoyeva, Yoqub Meliboyev, O‘zA