O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy nazorat qilish inspeksiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizom;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarining idoraviy formali kiyim-boshlari va farqlash belgilari namunalari hamda tavsifi tasdiqlandi.
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish, rahbarlarining funksional vazifalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
Inspeksiya o‘z vakolatlari doirasida qurilish-montaj ishlarining sifati va tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiqligi (avtomobil yo‘llari va yo‘l sun’iy inshootlari bundan mustasno), shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish (xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda), issiqlik ta’minotidan foydalanish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatini ko‘rsatish hamda undan foydalanish yuzasidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Inspeksiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
O‘zA