French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi davlat nazoratida
12:08 / 2025-10-27

Farmon va ijro

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi aholining hayoti va farovonligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan muhim sohalardan biri hisoblanadi. Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar barobarida mazkur sohaga ham ilg‘or texnologiyalar joriy etilib, qurilish ishlarining sifat darajasi yaxshilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 apreldagi "Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan esa yakka tartibdagi qurilishda xususiy nazorat, onlayn nazorat tizimlari joriy etilib, qurilayotgan ob’ektning QR-kodli pasporti bo‘lishi, alohida elektron platformaga kadastr va suv ta’minoti ma’lumotlari integratsiya qilinishi, qurilish xavfsizligi va suv tizimlarining texnik nazorati bo‘yicha yangi tartiblar belgilandi. 

Xorazm viloyatida aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida so‘nggi 3 yilda 12 mingta xonadonli 416 ta uy- joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Qurilish ishlari hozir ham jadallik bilan davom etmoqda. 

Shu boisdan viloyatda mazkur sohada davlat nazoratini samarali tashkil etish va xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. 

Hozir viloyatimizda hududiy qurilish va uy-joy-kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan ikki yarim mingga yaqin qurilish ob’ektlarida davlat nazorati olib borilmoqda, – deydi Xorazm viloyat hududiy qurilish va uy-joy-kommunal xo‘jaligi nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Sherzod Otayev. – Ish jarayonini sifatli tashkil etish, korrupsion holatlarning oldini olish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitini yaratish borasida ham bir qancha samarali harakatlar amalga oshirilayotir. Misol uchun xodimlar xizmat avtomashinalari bilan ta’minlandi. Ish jarayonida foydalanishlari uchun maxsus va ma’muriy planshetlar topshirildi. 30 ta “BODI”, ya’ni tana kamerasi esa Quruvchi operatorlar shtabi orqali nazorat tadbirlari jarayonini to‘liq onlayn kuzatish imkonini bermoqda.

Hududiy inspeksiyaning ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida viloyatdagi qurilish ob’ektlarida 21 ming 687 marotaba monitoring o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 9 ming 297 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan. Ob’ektlarda qo‘llanilgan sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar yuzasidan 86 ta taqdimnoma kiritilib, 187 ta holatda bajarilgan sifatsiz qurilish-montaj ishlari buzdirilgan, shuningdek, inspeksiya vakolati doirasida 622 ta holatda ma’muriy jarima rasmiylashtirilgan. 

[gallery-25938]

– 2025 yil 1 yanvardan boshlab har bir qurilayotgan ob’ekt bo‘yicha “QR” kodli pasportni joriy qilish, unda ob’ekt nomi, qurilishga ruxsat olingan sana, loyiha va pudrat tashkiloti, ob’ektni foydalanishga topshirish muddati kabi ma’lumotlarni olish imkoniyatini yaratish belgilangan bo‘lib, yil boshidan hududiy inspeksiya tomonidan ro‘yxatga olingan 673 ta ob’ektga “QR”-kodli pasport o‘rnatilishi ta’minlandi, – deydi hududiy inspeksiya bo‘lim boshlig‘i Abror Jumaniyozov. 

Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimi aholining qulay yashash sharoitlarini ta’minlash, shaharsozlik tartibini saqlash va binolarning xavfsizligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda uy-joy fondini modernizatsiya qilish, boshqaruvning zamonaviy shakllarini joriy etish hamda fuqarolarning mulkchilik madaniyatini oshirish borasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda.

–Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishda qonuniylik, xavfsizlik va seysmik mustahkamlik — zamon talabi, –deydi Hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Rasulbek Sapayev. – Uy-joy kommunal xo‘jaligi yo‘nalishida viloyatdagi mavjud 1 ming 959 ta ko‘p kvartirali uydan 995 tasining texnik holati o‘rganib chiqildi. Bunda 244 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Shundan 204 tasiga bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilib, 143 ta holatda huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy jarimalar ham qo‘llashga majbur bo‘ldik. Shuningdek, nazorat tadbirlari jarayonida 9 ta boshqaruv organlari faoliyati o‘rganildi hamda yettita holatda 3,4 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi mablag‘lardan samarasiz foydalanganligi aniqlandi. Mas’ullariga nisbatan 51million 760 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Jiddiy qonunbuzilish holatlari yuzasidan sudlarga 68 ta da’vo ariza kiritildi.

Xorazm viloyati ekologik jihatdan murakkab hududlardan biri bo‘lib, bu yerda toza ichimlik suvi resurslari tabiatan cheklangan. Aholining asosiy qismi Amudaryo daryosining suviga tayanadi. Viloyatdagi hududiy suv tarmoqlari tomonidan suvni tozalash, uzatish va taqsimlash ishlari amalga oshiriladi. Inspeksiya tomonidan esa jarayon to‘liq nazoratga olingan. 

– Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatini o‘rganish bo‘yicha 1 ming 534 ta tahlil namunalari olinib, shundan 13 ta holatda ichimlik suvining belgilangan davlat standart talablariga javob bermasligi aniqlandi, – deydi hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Komiljon Shomuratov. – Suv ta’minoti tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan 341 ta texnik shart o‘rganilib, ularning 60 tasida kamchiliklar aniqlangan. Ularni bartaraf etish bo‘yicha “Xorazm suv ta’minoti” AJ ga ko‘rsatma xatlari yuborildi. Viloyatimizning barcha hududlarida ichimlik suvidan oqilona foydalanish, aholining soha bo‘yicha huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda. Shuningdek, bo‘lim tomonidan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlaridan foydalanishda jami 363 ta noqonuniy holat bo‘yicha qoidabuzarlardan suv ta’minoti tashkilotlariga 625 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar hisoblandi. 
Umuman olganda, qurilish sohasi va uy-joy kommunal xo‘jaligi Xorazm iqtisodiyotning ham eng muhim tarmoqlaridan biridir. Viloyatda ushbu sohalarda davlat nazoratining og‘ishmay olib borilishi hududdagi infratuzilma rivoji, aholining hayot sifati hamda jamiyatimiz barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA