Bugun poytaxtimizda “Qurilish va uy-joy kommunal sohasida yangicha yondashuvlar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kompetensiyani rivojlantirish instituti tomonidan tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjuman 3 ta sho‘’baga bo‘lingan holda ish olib boryapti.
Tadbirni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ochib berdi.
–Bugun mamlakatimizda qurilish va kommunal sohalariga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi Ozoda Jo‘rayeva. — Birgina joriy yilda 152 ta shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilgan. Shundan 130 tasi tegishli qarorlarga asosan tasdiqlandi. Pudrat ishlari hajmi 109,1 trillion so‘mni (avgust oyi holatiga) tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,2 foizga ko‘paydi. Qurilish sohasiga oid 169 ta texnik-normativ hujjatlar ishlab chiqildi va eskilari yangilandi. Energiya tejamkor texnologiyalar, materiallar va loyiha yechimlaridan samarali foydalangan holda 20 tipdagi namunaviy loyihalar qayta ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar joriy yilda 404 ta ijtimoiy soha ob’ektlarida qo‘llanildi. Nazorat inspeksiyasi tomonidan 28 ming 372 ta ob’ekt nazoratga olindi va 118 mingdan ziyod monitoring o‘tkazildi. Natijada qurilish normalarini buzgan mutasaddi tashkilotlarga 65 mingdan ortiq yozma ko‘rsatmalar berildi va 5 mingdan ortiq ta’sirchan choralar ko‘rildi. Kommunal sohada boshqaruv organlari tomonidan 5 ming 374 ta uylarda ta’mirlash ishlari bajarildi.
Kompetensiyani rivojlantirish instituti tashkil etilganining bir yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan anjumanda ta’kidlanganidek, institut 3 ta tarkibiy qism, ya’ni, Arxitektorlar va muhandislar oliy maktabi, Qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi, Malakani baholash va sertifikatlash markazidan iborat. Institutning o‘quv jarayoniga hozirgi vaqtda 70 dan ortiq malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislar jalb etilgan. O‘quv-reja va dasturlar xorijiy mutaxassislar hamkorligida Amerikaning Muhandislik va texnologiya bo‘yicha akkreditatsiya kengashi tomonidan tan olingan xalqaro standartlar mezonlari asosida soha yo‘nalishlari kesimida ishlab chiqildi hamda Istanbul texnika universiteti tomonidan akkreditatsiya qilindi. Institutda joriy yil yakuniga qadar sohaning 10 ta yo‘nalishi bo‘yicha 8 ming nafarga yaqin mutaxassisning malakasi oshirilib, tegishli tartibda faoliyati sertifikatlashtirilishi rejalashtirilgan.
Institut o‘z faoliyati jarayonlarini raqamlashtirishga asosiy e’tibor qaratgan bo‘lib, bunda tinglovchilardan ariza qabul qilish, hujjatlarni tekshirish, to‘lovlarni amalga oshirish, imtihonlarni topshirish va sertifikatlarni yuklab olish kabi bosqichlar to‘liq raqamlashtirildi. Shu bilan birga, institut Bilim va malakani baholash agentligi hamda "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilindi.
Mazkur raqamlardan ko‘rinadiki, qurilish va kommunal sohalardagi ishlar ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda. Ushbu faoliyatlarni yanada samarali tashkil etishda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani barchaga ma’lum.
–Respublika ilmiy-amaliy anjumanining asosiy maqsadi bugungi kunda tez sur’atlarda o‘sib borayotgan shahar va qishloqlarimizda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, qulay shahar muhitini yaratish, binolar va inshootlarni qurishda sifatni ta’minlash, energiya samaradorligini oshirishdan iborat, – deydi Kompetensiyani rivojlantirish instituti rektori A’zamiddin Qo‘ldoshev. — Shuningdek, sohada ta’limning ahamiyati kabi masalalarni muhokama qilish va ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy takliflarni taqdim etishdan iborat. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha bugungi kunda 5 ming nafarga yaqin mutaxassisning malakasi oshirildi va ularga tegishli faoliyatni amalga oshirish uchun sertifikatlar berildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WZ1m_o4gSr0" title="Qurilish va uy-joy kommunal sohasida yangicha yondashuvlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Oldinda institut tomonidan rejalashtirilgan ishlar ham talaygina. Jumladan, hududlarda, ya’ni Samarqand, Namangan va Qoraqalpog‘iston Respublikasida institut filiallarini tashkil etish, kelgusi o‘quv yilidan boshlab Arxitektorlar va muhandislar oliy maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Bunda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi xodimlarni o‘qitish uchun maxsus maqsadli magistraturaga qabulni tashkil etish, shuningdek, sohadagi ishchi kasb egalarining malakasini baholash va tegishli kasb darajalarini (razryadlarni) belgilash maqsadida hududlarda Malakani baholash markazlarini tashkil qilish kabi ishlar rejalashtirilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA