Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida “Respublika byudjetidan ajratiladigan byudjet mablag‘laridan foydalanish, shuningdek, rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining bajarilish holati to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda Transport vazirliklarining hisobotlari eshitildi.
Qayd etilganidek, har ikkala vazirlik tomonidan maqsadli indikatorlarga erishish borasida ijobiy ishlar qilingan. Shu bilan birga, ijro jarayoni sust amalga oshirilayotgan maqsadli indikatorlarga to‘xtalib, ularning ijrosiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar muhokama qilindi. Jumladan, Qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ichimlik suvi tarmoqlarini uy xo‘jaliklarigacha yetkazish, ichimlik suvi tizimlaridagi mavjud eskirgan nasos agregatlarini energiya tejovchi nasoslarga almashtirish bo‘yicha byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish, milliy shaharsozlik normalari va qoidalarini xalqaro normativ va standartlarga uyg‘unlashtirish (moslashtirish) masalalarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aytib o‘tildi.

Transport vazirligi mutasaddilariga aviatashuvlarda chipta narxining 50 foiz qismini qoplash uchun kompensatsiya ajratiladigan yo‘lovchilar ulushini oshirish, Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transportida aholiga maqbul narxlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish indikatori bo‘yicha jarayonlarni tezroq amalga oshirish yuzasidan tegishli takliflar berildi.

Muhokamalarda maqsadli indikatorlarning ijrosi to‘liq bajarilmagan holatlarni keltirib chiqaruvchi sabablar va kelgusida ushbu omillarning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA