Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish va ekologiya sohasidagi murojaatlar qanday hal etilmoqda?
18:05 / 2025-07-18

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash va ularni o‘z vaqtida hal etish, joylarda aholi tomonidan ko‘tarilgan tizimli muammolarga yechim topish eng muhim masaladir. Bu davlat va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu borada vazirlik va idoralar tomonidan muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklarining axboroti eshitildi. Unda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar qay darajada hal etilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi. 

Qayd etilganidek, 2025 yilning birinchi yarim yilida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 14 ming 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning qariyb 91 foizi elektron shaklda qabul qilingan. Murojaatlarning 75 foizga yaqini ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlar yuzasidan tushuntirishlar berilgan.

Bugungi kunda vazirlikning “Mening uyim” mobil ilovasi orqali fuqarolar ko‘p qavatli uylardagi muammolarni onlayn tarzda kuzatib borish va boshqaruv organlariga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lmoqda. Joriy yilda ushbu kanal orqali 424 ta murojaat qabul qilinib, ularning 76 foizi ijobiy hal qilingan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rahbariyati tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar tashkil etilgan. Ushbu qabullar davomida 110 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 84 tasi ijobiy hal etilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida ham murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgani aytib o‘tildi. Jumladan, joriy yarim yillikda vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan 3 ming 359 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish jarayonlari raqamlashtirilgan bo‘lib, bu murojaatlarga javob berish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirgan.

Eshituvda deputatlar ayrim kamchiliklarni ham o‘rtaga tashlab, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish zarurligi aytildi. Ayniqsa, hududiy boshqarmalarda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holatini o‘rganib borish, murojaatlarni ko‘rib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik xabardorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

M.Komilova, O‘zA