Jizzax shahrida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi binolar, yo‘llar, turli inshootlarning qurilishi shubhasiz, hudud taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ammo har qanday rivojlanish, eng avvalo, aholi manfaati va xavfsizligini hisobga olgan holda olib borilishi kerak.
Jizzax shahridagi Baynalmilal va Sayiljoyi ko‘chalari kesishmasida piyodalar xavfsizligini o‘ylamay qurilish olib borilmoqda. Gap shundaki, ushbu hududda faoliyat yuritib kelgan xususiy choyxona boshqa bir tadbirkor tomonidan sotib olingan. Choyxona o‘rnida yangi bino qurilishi boshlangan. Bu juda yaxshi, albatta. Lekin aynan shu yerdagi piyodalar yo‘lagi to‘silgan. Bu yerdan asosan “Sovungarlik”, “Ziyokor”, “So‘g‘diyona” mahalla fuqarolar yig‘inlaridan kelayotgan piyodalar harakatlanadi. Qurilish ob’ekti atrofi o‘rab olinishi natijasida ariq ustidan piyodalar o‘tishiga mo‘ljallab qurilgan ko‘prik yopib qo‘yilgan. Aholi avtomobil yo‘li tomonga chiqib o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa har kuni bu yerdan o‘tadigan yuzlab fuqarolar, jumladan bolalar, keksalar va nogironlar uchun katta xavf tug‘dirmoqda.
Ayni vaqtda, ushbu Baynalmilal ko‘chasining bir tomonida joylashgan Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 2025–2026 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilayotgani munosabati bilan ushbu ko‘chaning har ikki tomoni beton to‘siqlar bilan yopib qo‘yilgan. Bu aholi uchun yana bir noqulaylikni keltirib chiqarmoqda.

Ertalab va tushdan keyin o‘tadigan test sinovlari tufayli Baynalmilal ko‘chasi bo‘ylab Prezident maktabi oldidan Sayiljoyi ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan masofa beton to‘siqlar bilan yopib qo‘yilgan.
– Beton to‘siqlar o‘rniga temir panjaralar qo‘yib, faqatgina sinovlar vaqtida vaqtinchalik yopish mumkin edi, — deydi yo‘lovchilardan biri, mehnat faxriysi Nigora Ismoilova. – Masalan, ertalabki test uchun soat 5:30 dan 9:30 gacha, tushlikda keyingi testlar uchun 13:30 dan sinov tugagunga, taxminan 19:30 ga qadar yo‘l vaqtincha berkitilib, so‘ngra ochilsa, aholi ham qiynalmasdi, xavfsizlik ham ta’minlanardi.
Haqiqatdan ham, abituriyentlar va ularning yaqinlari – ota-onalar, qarindoshlar — butun kunni ushbu hududda o‘tkazmoqda. Ular uchun esa transport harakati yopilishi, yo‘llar uzilishi, piyodalar yo‘lagidagi to‘siqlar juda katta noqulaylik tug‘dirmoqda. Yana bir gap. Ana shu beton bilan to‘silgan hududda Prezident maktabi, test sinovlari o‘tayotgan Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, savdo majmuasi, oilaviy poliklinika, “Xumo” va stomatologiya klinikalari, mehmonxona hamda aholi turar joylari joylashgan. Xudo ko‘rsatmasin, ularning birortasida favqulodda holat yuz berib qolgudek bo‘lsa, u yerga o‘t o‘chirish brigadasi yoki boshqa yordam qanday kirib boradi? Bir xavfsizlik haqida o‘ylanibdiyu, undanda qo‘rqinchliroq xavf tug‘ilib qolganida nima qilish mumkinligi haqida kimdir jiddiyroq o‘ylab ko‘rsa yaxshi bo‘lardi.
Yaqinginada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jamoat xavfsizligi, piyodalar uchun sharoit yaratish, yo‘llarga to‘siqlar qo‘yish bilan bog‘liq muammolar qat’iy tanqid qilingan va mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilgan edi.
Lekin bizningcha, bugun Jizzaxdagi ushbu holat davlat rahbarining ko‘rsatmalariga zid ravishda davom etayotganga o‘xshaydi. Bunday noqulayliklar uchun mas’uliyat kimning zimmasida. Bunga kim javob beradi Jizzax shahar hokimligimi?
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasimi?
Qurilishga ruxsat bergan idora rahbarlarimi?
Bu savollar hozircha javobsiz. Ammo javobsiz qolmasligi shart. Chunki so‘z inson hayoti – piyodaning qolaversa, davlat va xususiy mulkning xavfsizligi haqida ketyapti. Har bir kechikish faqat noqulaylik emas, balki falokatga ham olib kelishi mumkin.
Muxtasar qilib aytganda, qurilish va bunyodkorlik har qanday jamiyatning yuksalish belgisidir. Lekin u faqat odamlar hayoti, erkinligi va xavfsizligi, qolaversa milliardlab so‘m sarflangan ob’ektlarning xavfsizligi ta’minlangan holdagina haqiqiy taraqqiyotga aylanadi. Jizzaxdagi ushbu vaziyat bu mezonlarga mos tushmayotganga o‘xshaydi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari