Qurilish tashkilotining noqonuniy aloqa vositalaridan foydalanishiga chek qo‘yildi
Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan belgilangan tartibda foydalanilishini ta’minlash maqsadida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi, Elektromagnit moslashuv xizmati hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda monitoring o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida Karmana tumanidagi “Kattamachit” MFY hududida faoliyat yuritayotgan qurilish tashkiloti tegishli ruxsatsiz quyidagi qurilmalardan foydalanib kelayotgani aniqlandi:
4 dona “BAOFENG BF-888S”,
7 dona “Voltu V-999” radioelektron vositasi.
Mazkur qurilmalarning noqonuniy ishlatilishi to‘xtatildi. Natijada O‘zbekiston Respublikasining “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 dekabrdagi 801-son qarori talablari buzilgani qayd etildi.
Huquqbuzarlik yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 245-moddasi 3-qismiga asosan Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudiga yuborildi.
Hamroz Bayanov,
O‘zA