Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda sohani raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir doirasida vazirlikning “Yangi Toshkent” shahrida joylashgan modul turdagi yangi binosi bo‘ylab press-tur tashkil etildi.
Mazkur bino Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish” direksiyasi buyurtmasiga asosan qurilgan bo‘lib, zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi. Umumiy 1,4 gektar maydonda joylashgan inshoot 4+1 blokdan iborat bo‘lib, vazirlikning markaziy apparati va tizim tashkilotlarini bir makonda joylashtirish orqali hamkorlik va ish jarayonlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirning amaliy qismi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Unda ishtirokchilarga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi imkoniyatlari taqdim etildi.
Ma’lum qilinganidek, ayni paytda mazkur tizim doirasida 24 ta davlat xizmati to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, foydalanuvchilar soni 2,2 million nafarga yetgan. Litsenziyalash, ruxsatnoma berish va loyiha-smeta hujjatlarini kelishish jarayonlari inson omilisiz amalga oshirilmoqda. Shuningdek, tizim bir qator davlat idoralarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi orqali ma’lumotlar almashinuvi tezlashtirilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlar keskin kamaytirilgan.

Taqdimotda qurilish sohasida elektron davlat xaridlari platformasi faoliyati haqida ham ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, platforma orqali 66,3 trillion so‘mlik tenderlar o‘tkazilib, 3,27 trillion so‘m mablag‘ tejalgan. Shuningdek, “Mening uyim” billing tizimi ham tanishtirilib, unga 42 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylar ulangani, abonentlar soni esa 1,5 million nafarga yetgani ma’lum qilindi.
Ekskursiya davomida vazirlikda joriy etilgan “Open space” ish tizimi ham taqdim etildi. Ushbu ish uslubi qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlikni ta’minlash, tuzilmalar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va jamoaviy ishlash muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva keyingi yillarda sohada korrupsiyaga qarshi kurashish, shaffoflikni ta’minlash va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

—Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda sohani raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi, — deydi Ozoda Jo‘rayeva. — Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad sohada joriy etilgan islohotlar, raqamli yechimlar va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar bilan qonunchilik hokimiyati va jamoatchilik vakillarini yaqindan tanishtirishdan iborat. Bu jarayonlarning ochiq va shaffof olib borilayotganini ko‘rsatadi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida bugungi kunda 24 ta davlat xizmati to‘liq raqamlashtirilgan. Foydalanuvchilar soni 2,2 million nafarga yetgan. Litsenziyalash va ruxsatnoma berish jarayonlari inson omilisiz amalga oshirilayotgani korrupsiyaviy xavflarni sezilarli darajada kamaytirdi.
Tizim boshqa davlat idoralari bilan integratsiya qilingan. Jumladan, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va Kadastr agentligi axborot tizimlari bilan integratsiya orqali ma’lumotlar almashinuvi tezlashtirildi. Bu esa qaror qabul qilishda xolislikni ta’minlab, korrupsiya xavflarini keskin kamaytirmoqda.
Vazirlik faoliyati ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiq deb topildi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligi 2024 yilda 71 balldan 2025 yil yakunida 86 ballga oshdi. Bu amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini ko‘rsatadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar hamda korrupsiyaga qarshi tizimli chora-tadbirlar mamlakatda ochiq va shaffof davlat boshqaruvini shakllantirishga xizmat qilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Shahnoza Mamaturopova,
Doniyor Yakubov (video), O‘zA