Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish sohasini huquqiy va texnik tartibga solish muammolari muhokama etildi
15:56 / 2022-04-22

Qurilish sohasini huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish, davlat nazorati tizimini takomillashtirish, soha raqobatbardoshligini oshirish, sifat va xavfsizlikni ta’minlash bugungi kunning muhim vazifasidir.

Ushbu yo‘nalishda Qurilish vazirligi tizimida qanday ishlar amalga oshirilayapti?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Qurilish sohasini texnik tartibga solish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusidagi seminarda bu boradagi ishlar, sohadagi mavjud muammolar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, “2020-2023 yillarda shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish Dasturi” tasdiqlanib, ushbu Dasturga asosan jami 263 ta normativ hujjatlar qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan. Bu borada 2020 yilda 55, 2021 yilda 65 ta normativlar qayta ishlab chiqilgan bo‘lsa, 2022 yilda 57 ta normativlarni qayta ishlab chiqish rejalashtirilayotir.

Shuningdek, “2019-2021 yillarda texnik reglamentlarni ishlab chiqish Dasturi”ga muvofiq Qurilish vazirligi tomonidan 2019 yilda bitta, 2020 yilda 2 ta maxsus texnik reglamentlar, 2021 yilda 5 ta umumiy texnik reglamentlar ishlab chiqilgani aytib o‘tildi. Binolarning energiya tejamkorligi, sanuzellar, velo-yo‘laklar, yo‘l chorrahalari bo‘yicha namunaviy loyihalar va normativ talablar ishlab chiqilgan.

Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami kengaydi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar qurilib, aholining eng muhim talabi qondirilmoqda. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 161-bandi qurilish sohasini texnik tartibga solishga oid bo‘lib, uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotir.

Seminarda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tartiblarini takomillashtirish, sohada ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, qurilish ishlari sifatini oshirish, shaharsozlik faoliyatini raqamlashtirish, sohani malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish bo‘yicha bir qator takliflar berildi.

Taklif va munozaralarga boy bo‘lgan tadbirda sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

M.Komilova, O‘zA