English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish sohasidagi elektron tender jarayonlarida inson omili to‘liq bartaraf etildi
13:55 / 2023-11-24

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Tadbirda vazirlik tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada zamonaviy aksilkorrupsiyaviy tizimlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.  

– Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining tegishli buyrug‘i asosida 14 ta korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki idoraviy hujjat tasdiqlangan, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘lim boshlig‘i Sherali Qo‘chqorov. – Shuningdek, qurilish sohasi ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga ega bo‘lgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi va natijadorligi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Jamoatchilik kengashiga axborot berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilish borasida ularning ma’lumotlaridan erkin foydalanish, o‘z huquq va majburiyatlari haqida xabardorligini oshirish bo‘yicha vazirlik va hududiy tizim tashkilotlarida ishonch telefonlari va boshqa aloqa manzillari aks ettirilgan ko‘rgazmalar  qo‘yilishi ta’minlangan.  

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tizimdagi hududiy boshqarmalariga 5 marotaba xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruvlar natijasida Surxondaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda ish sudda mazmunan ko‘rib chiqilmoqda.  

Vazirlikning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar buyicha aloqa kanallariga joriy yilning 9 oyi davomida 6 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlar atroflicha o‘rganib chiqilib, korrupsion omillar aniqlanmagani sababli tegishliligi bo‘yicha sohaga oid arxitektura yo‘nalishidagi mas’ullarga yo‘naltirilgan.  

Vazirlik markaziy apparatida tuzilgan jami 158 ta xo‘jalik shartnomalari tahlil qilinib, shundan 56 ta kontragentlar bo‘yicha tanlanma asosida o‘rganish o‘tkazilgan. O‘rganish natijasiga ko‘ra, hech qanday manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanmadi.  

Vazirlikning markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bilim va malakalarini oshirish, korrupsiyaga qarshi tadqiqotlar natijalari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish, tadqiqot natijalaridan korrupsiyaga qarshi siyosatni ishlab chiqishda foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash, tadqiqot o‘tkazgan tadqiqotchilar va tashkilotlar vakillari bilan korrupsiyaga qarshi choralarning ta’sirini monitoring qilish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Vazirlikda loyiha hujjatlarini ekpertizadan o‘tkazish jarayoni to‘liq shaffof elektron tizimga o‘tkazildi. Ekspertiza organlariga qog‘oz hujjatlar to‘plamini taqdim etish amaliyotidan to‘liq voz kechildi. Hozirda ekspertizaga loyiha-smeta hujjatlari onlayn topshirilmoqda.  

Tadbirda qayd etilishicha, eksperiment tariqasida 2024 yil dasturiga kiritilgan ayrim ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarida “hajm” uslubini qo‘llash rejalashtirilgan hamda ushbu usullarni joriy qilish bo‘yicha tegishli normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda. Eksperiment natijasi bo‘yicha “hajm” uslubini qurilishning boshqa sohalariga qo‘llash hamda qurilish ob’ektlarining umumiy sonida “hajm” uslubi ulushini 2025 yilda 50 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgan.  

Sohada “Qurilish nazorati” axborot tizimi joriy qilinib, nazorat jarayonlari avtomatlashtirilgani ham ayni muddao bo‘lmoqda. Binobarin, ushbu tizim orqali 2022 yilda 30 mingdan ortiq ob’ekt nazoratga olindi. Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidan tashqari bir qator elektron onlayn platformalar ham ishga tushirildi. “Qurilish sifati nazorati”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi”, “Maqsadli dasturlar monitoring tizimi”, “Ogoh fuqaro”, “Geoportal”, “Qurilish materiallari klassifikatori” tizimlari shular sirasidandir.  

Qurilish sohasida davlat xizmatlari raqamlashtirildi. Natijada bugungi kunda bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish, bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish, ko‘chmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish kabi xizmatlar shunday amalga oshirib kelinmoqda.  

Tizimdagi elektron reyting va tender haqiqiy hamda tajribali  pudrat tashkilotlarini aniqlashda qo‘l kelmoqda. Xususan, reyting elektron platformasida qurilish-pudrat va loyiha tashkilotlari reytingi tegishli davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Shu orqali ularning ma’lumotlari hamda sohadagi reytingi shakllantiriladi. Hozirgi kunda ushbu reytingga 19 mingdan ortiq qurilish-pudrat tashkilotlari kiritilgan. Loyiha tashkilotlari reytingi tizimiga esa jami 1 ming 900 dan ortiq loyiha tashkiloti kiritilgan.  

Tender elektron platformasi tufayli qurilish sohasida elektron tender jarayonlarida inson omili to‘liq bartaraf etildi. Tizim takliflarni tashkilotlar reytingi asosida va ularning tijorat taklifini avtomatik ravishda baholagan holda ijrochi tashkilotni aniqlaydi. Qolaversa, bu tizim turli qog‘ozbozliklar, xarajatlarning ham oldini oladi.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA