O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, uy-joy sohasini yanada rivojlantirish uchun sohada "Uy-joyning yagona hayotiy sikli" tamoyili joriy etiladi. Unda:
turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash;
mavjud yer resurslaridan samarali (intensiv) foydalangan holda uy-joylar qurilishini tashkil qilish;
uy-joy qurilishi sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish;
uy-joylarni ulush kiritish va ipoteka krediti asosida sotib olishning ishonchli va samarali imkoniyatini yaratish;
uy-joylar qurilishida energiya samarador qurilish materiallaridan foydalanishni ommalashtirish ko‘zda tutiladi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab ob’ektlarni qurishda qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar tomonidan ulushdorlarning pul mablag‘larini qurilishga ulush kiritish asosida jalb qilish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ob’ekt qurilishida ulush kiritish asosida ishtirok etish shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ulushli shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tomonlar birgalikda qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektdan foydalanishi uchun ruxsatnoma berilgunga qadar:
ulushli shartnoma bo‘yicha ulushdorning talab qilish huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga va ulushli shartnomani garov predmeti sifatida qabul qilishga ruxsat beriladi va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
ulushli shartnomaga asoslangan mulkiy huquq va majburiyatlar ulushdorning merosi tarkibiga kiradi.
"Uy-joyning yagona hayotiy sikli" tamoyilini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va uning joriy etilishini ta’minlash uchun loyiha ofisi tashkil etiladi.
Loyiha ofisiga:
Loyiha ofisi faoliyatiga bozor kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda tegishli vazirlik va idoralarning, ular tizimidagi tashkilotlarning, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislarini shartnoma asosida jalb etish;
hududiy tashkilotlar, tumanlar (shaharlar) yoki hududlar misolida ishlab chiqilgan loyihalarni tajriba sinovdan o‘tkazish;
davlat organlari va tashkilotlaridan zarur statistika, tahlilii va boshqa ma’lumotlarni talab qilib olish;
mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ekspertlar, konsultantlar va maslahatchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida jalb qilish va ishga qabul qilish, ularning mehnatiga milliy yoki xorijiy valyutada, shu jumladan, mablag‘larni ularning xorijiy hisobvaraqlariga o‘tkazish yo‘li bilan haq to‘lash huquqlari beriladi.
O‘zA