Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.
Shu munosabat bilan bugun Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali tadbir tashkil etildi. Unda soha faxriylari, tizimdagi mehnat jamoalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan o‘qib eshittirildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov so‘zga chiqib, soha vakillarini samimiy muborakbod etdi.
So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda qurilish industriyasi yangi bosqichga ko‘tarilib, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi. Qurilish sohasiga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni joriy etish hisobiga uning milliy iqtisodiyotdagi ulushi oshib bordi. Agar 2016 yilda umumiy qurilish ishlari hajmi 30 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib, bu ko‘rsatkich qariyb 234 trln. so‘mga yetdi. Joriy yilda esa ushbu raqamni 254 trln. so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Qurilish sohasidagi yuksalishni yanada yaqqolroq tasvirlash uchun 2017 yilda mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 11 mingta maxsus texnika mavjud bo‘lganini, hozirgi kunda esa ularning soni 44 mingdan oshganini qayd etish kifoya. Bu esa sohada texnik ta’minlanganlik darajasining qanchalik oshganini, qurilish tashkilotlarining imkoniyatlari kengayganini ko‘rsatadi. Shuningdek, birgina 2024 yilning o‘zida 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uyda 100 mingdan ziyod xonadon barpo etildi.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy hajmi 2020 yildagi 16 kvadrat metrdan 2025 yilda 19 kvadrat metrgacha oshgani ko‘p yillik rejalarning samarasi sifatida ko‘rilmoqda. Qurilish ishlari nafaqat mavjud ehtiyojlarni ta’minlash, balki mamlakat infratuzilmasini tubdan yangilashga qaratilgan.
Shuning uchun ham 2024 yili 21,4 million kvadrat metr turar joy va 19,1 million kvadrat metr noturar binolar qurilib, umumiy hajm 40,5 million kvadrat metrni tashkil etdi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda.
[gallery-24692]
Uy-joy qurilishini rag‘batlantirish maqsadida davlat tomonidan ipoteka va aylanma mablag‘lar ajratish mexanizmi samarali yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 2024 yilda 17 trln. so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan bo‘lsa, quruvchi va developerlarga 3 trln. so‘m aylanma mablag‘ berildi. Bu orqali sohaga xususiy investorlarni jalb qilish, bozor ishtirokchilari faolligini oshirish imkoni yaratildi. Qurilish ishlari orqali bevosita va bilvosita ish o‘rinlari yaratilayotgani ham muhim omillardan biri bo‘ldi.
Masalan, 2024 yilda qurilgan 100 ming xonadon hisobiga pudratchilar, boshqaruv va servis, qurilish materiallari, transport kabi sohalarda 350 ming odam ishli bo‘ldi. Joriy yilda esa 400 ming kishi qurilish sohasida band etilishi rejalashtirilgan.
– Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini barqaror qondirish maqsadida “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish dasturi izchillik bilan amalga oshirilmoqda, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Elyor Komilov. – Bugungi kunda 56 ta massiv tashkil etilgan bo‘lib, ularda 28 ming xonadondan iborat 543 ta uy qurilgan. Joriy yilda 135 mingta xonadon topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu massivlarda faqat turar-joylar emas, balki ijtimoiy, madaniy va infratuzilma ob’ektlari ham qurilayotgani aholining farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaqin istiqbolda, 2030 yilgacha “Yangi O‘zbekiston” massivlari soni 100 taga yetkazilishi belgilangan.
– Uy-joy qurilishida ishtirok etayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish maqsadida “Eskrou” tizimi joriy etildi. Bu orqali ishonchli developerlar bozori shakllantirilmoqda, – deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov. – Shuningdek, mamlakat tarixida ilk bor “Yangi Toshkent” kabi ulkan loyiha amalga oshirila boshlandi. 20 ming gektar maydonda qurilayotgan ushbu hududda 2 million aholi uchun qulay infratuzilma yaratiladi.
Hozirda 6 ming gektar hududda 600 ming aholiga mo‘ljallangan qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
“Yangi Toshkent” loyihasi doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va muzey, maqom markazi, maxsus maktablar va davlat xizmatchilari uchun turar-joy majmualari barpo etiladi. Bu shahar nafaqat boshqacha me’moriy uslub, balki ilg‘or ma’muriy, ta’lim va madaniy infratuzilmalarni ham o‘z ichiga olgan yangi markaz sifatida rivojlanadi.
Qurilish faoliyatida ijtimoiy ob’ektlar, xususan, ta’lim muassasalarini barpo etish masalasi ham alohida e’tiborda. Shu maqsadda “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” tashkil etildi. 2025 yilda mazkur kompaniya buyurtmasi asosida 567 ta ta’lim ob’ektida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bu orqali ta’lim infratuzilmasini zamonaviy talablarga mos ravishda yangilash maqsad qilingan.
Sohada raqamlashtirish jarayonlari ham jadal rivojlanmoqda. 30 dan ortiq axborot tizimlari ishga tushirilib, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali 22 ta davlat xizmati raqamlashtirildi. Bu turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, inson omilini kamaytirish va ochiq raqobat muhitini shakllantirish imkonini berdi. Tender platformasi joriy qilinishi esa sohadagi korrupsion holatlarga chek qo‘yishda muhim rol o‘ynadi.
Sifat nazorati va jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida qurilishni kuzatish mexanizmi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Qurilish va uy-joy kommunal jo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi o‘z faoliyatini to‘liq raqamlashtirdi. Barcha inspektorlar maxsus “body-kamera”lar bilan ta’minlangani ularning ishida ob’ektivlikni oshirish, har bir jarayonni to‘liq hujjatlashtirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, barcha hududiy inspeksiyalarda tashkil etilgan “Quruvchi-operatorlar shtabi” orqali davlat byudjeti hisobiga olib borilayotgan qurilish ob’ektlarini real vaqt rejimida masofadan turib kuzatish imkoni yaratildi.
Davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish ob’ektlarida kuzatuv kameralari o‘rnatilib, ular orqali nazorat “Quruvchi-operatorlar shtabi” tomonidan masofaviy va real vaqt rejimida amalga oshirilmoqda. Bu o‘z navbatida kamchiliklarni vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish imkonini beradi.
Qurilish narxlarini aniq shakllantirish maqsadida “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” yaratildi. Ushbu platformadan 200 ming turdagi qurilish materiallari va ishlar ro‘yxati o‘rin olgan bo‘lib, smetalarning aniqligi va iqtisodiy asoslanganini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakat miqyosida qurilish tashkilotlari soni 30 mingtaga yetdi, shuningdek, 12 mingta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. Sohadagi inson kapitali sifatiga ham jiddiy e’tibor qaratilib, 2023 yilda tashkil etilgan Kompetensiyani rivojlantirish instituti orqali 11 mingdan ziyod mutaxassis malakasini oshirdi.
Shuningdek, shaharsozlik sohasida ham yangi bosqich boshlandi. Bosh rejalarni ishlab chiqish va ularni geoaxborot tizimiga joylashtirish jarayoni yo‘lga qo‘yildi. 2024 yilda 146 ta shaharsozlik hujjati raqamlashtirilgan bo‘lib, 2025 yilda bu ko‘rsatkichni 180 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Ushbu jarayonlar qurilish va shaharsozlik sohasida davlat siyosati tizimli, maqsadli va zamonaviy asosda olib borilayotganidan dalolat beradi.
Tadbir tantanali konsert dasturi bilan davom etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ishtirok etdi.
Shahnoza Mamaturopova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA