Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida yangi urbanizatsiya konsepsiyasini amalga oshirish va inshootlarni seysmik himoyalashda O‘zbekiston va Italiya tajribasiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, xalqaro tashkilotlar, muhandislik kompaniyalari vakillari, mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan tadbir avvalida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari, Jahon bankining shaharsozlik bo‘yicha vakillari so‘zga chiqib, bugungi global sharoitda yangi urbanizatsiya yondashuvlari, san’at va madaniyatning shahar rivojidagi o‘rni, ekologik barqaror arxitektura masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.


– Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy seminar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi akademik hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy urbanizatsiya jarayonlariga innovatsion yondashuvlarni joriy etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov. –E’tiborli jihati, ikki kun davomida mamlakatimiz vakillari italiyalik hamkasblari va xalqaro ekspertlar bilan shaharsozlik, arxitektura, muhandislik va ekologik barqarorlik sohalarida ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganadilar, ularni milliy amaliyotga moslashtirish uchun muloqot qiladi.


Shundan so‘ng olim va tadqiqotchilar, soha mutaxassislarining mavzu yuzasidan ma’ruzalari tinglandi. Taqdimot va loyihalar ko‘rgazmalari o‘tkazildi.
Seminarning ikkinchi kuni ishtirokchilar inshootlarni seysmik himoyalashda O‘zbekiston va Italiyada qo‘llanilayotgan texnologiyalar, ularning samarasi va afzalliklari yuzasidan fikr almashdi. Ma’ruza va taqdimotlarda seysmik izolyatsiya texnologiyalari, zamonaviy muhandislik yechimlari, 3D bosma inshootlarda seysmik sinovlar haqida so‘z yuritildi.


Tadbir doirasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti va Italiyaning Gabriele d’Annunzio University of Chieti-Pescara, Janubiy Koreyaning Hanseo University hamda Qoraqalpoq davlat universiteti bilan xalqaro va milliy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan anglashuv memorandumlari imzolandi. Mazkur kelishuvlar doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro seminar va konferensiyalarni tashkil etish rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari