Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish sohasi tadbirkorlarining muammolari batafsil o‘rganildi
14:44 / 2022-07-25

Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari, ularni bartaraf etish, yechimlari yuzasidan takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida qurilish sohasi tadbirkorlari bilan birga tegishli vazirlik va idoralar, bojxona, soliq, huquq, transport-logistika sohasi vakillari ham ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda qurilish ishlari misli ko‘rilmagan tarzda jadal tus olganini ta’kidladi. Bu jarayonga hamohang tarzda  qurilish materiallari ishlab chiqarish ham shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda aholining talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda yangidan-yangi ijtimoiy ob’ektlar, turar-joy majmualari, maktablar, zamonaviy yo‘llar, ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy savdo-maishiy shoxobchalari bunyod etilmoqda.  

O‘z-o‘zidan ma’lumki, ushbu jabhada faoliyatni yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari ham muayyan muammolar bilan ro‘baro‘ kelmoqda. Soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar qonunchilikdagi ayrim o‘z takomiliga yetmagan jihatlar, turli idoralarning faoliyati bilan ham bog‘liq, desak yanglishmagan bo‘lamiz.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) o‘rinbosari Jamshid Urunov, O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Adilov keyingi yillarda tadbirkorlar tomonidan bildirilayotgan taklif va fikrlar, o‘rtaga tashlanayotgan dolzarb masalalarga jiddiy e’tibor qaratish tobora kuchayganini ta’kidladi. Negaki, real vaziyat va voqelikni aynan  tadbirkorlardan ko‘ra puxta biladiganlarning o‘zi yo‘q. Tabiiyki, muammolar ham turlicha bo‘ladi. Ularni to‘g‘ri taqdim eta bilish, chuqur va oqilona tahlil etish va yechim topa olish ham muhim ahamiyat kasb etadi.   

– Kompaniyamiz 2007 yilda ish boshlagan, – dedi Ulug‘bek Jabborov. – Turar va noturar joy binolar qurilishi bilan shug‘ullanamiz. Hozirda turar joy xaridi, ayniqsa, subsidiya asosida uy-joy sotib olish bilan bog‘liq jarayonlarda byurokratik bosqichlar va to‘sqinliklar mavjudligi qurilish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari ishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ayni paytda mazkur sohaga oid milliy qonunchiliklar, yangiliklardan ba’zi tashkilotlarning o‘zi ham qaysidir darajada bexabarligini yana qanday izohlash mumkin?! Biz qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanamiz. bugungi kunda qurilish materiallari sifatiga bo‘lgan e’tirozlar ham yo‘q emas. Bu ularning sifati va standartlarga mos kelishi bilan bog‘liqdir. Bunday muloqotlar muammolarni boricha o‘rtaga tashlash va ularning yechimiga birgalikda e’tibor qaratish imkonini berayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.  

Muloqot davomida qurilish sohasida ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlarini o‘ylantirayotgan, ular duch kelayotgan masalalar o‘rtaga tashlandi. Bu boradagi taklif va mulohazalar umumlashtirilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA