English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish sohasi: shaffoflik va mas’uliyat – asosiy mezon
15:33 / 2025-10-10

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Bosh prokuratura mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Adilov boshchiligida markaziy apparat va tizim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, barcha hududiy boshqarmalar vakillari onlayn tarzda qatnashdi. 

Tadbirda sohada qonuniylikni ta’minlash, ochiqlik va shaffoflikni oshirish, korrupsion xavflarni bartaraf etish hamda ijro intizomini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

– Qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini oshirish zarur, – deydi Davronjon Adilov. – Bugun har bir rahbar va mutaxassis o‘z faoliyatida qonuniylik, halollik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishi lozim. Eng kichik bee’tiborlik yoki manfaat to‘qnashuvi ham tizimga putur yetkazishi mumkin. 

Bosh prokuratura boshqarma prokurori Mansur Ro‘zimov korrupsion jinoyatlarning huquqiy oqibatlari, ularga imkon beruvchi omillar hamda mas’uliyat masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berdi.  

Ayniqsa, davlat buyurtmalari, qurilish jarayonlarida texnik nazorat va loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bosqichlarida shaffoflik va mas’uliyat yuqori bo‘lishi shartligi qayd etildi. 

Tadbirda uy-joy hamda ijtimoiy soha ob’ektlaridagi qurilish ishlari, ularning sifati va belgilangan me’yorlarga rioya etilishi holati tahlil qilindi. 

Shuningdek, bajarilgan ishlar hajmini soxta ma’lumotlar bilan oshirib ko‘rsatish holatlarining oldini olish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.  

Tadbirda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, maktabgacha va maktab ta’limi ob’ektlarini foydalanishga topshirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.   

Sh.Mamaturopova, O‘zA