Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish sifatini ta’minlashda davlat nazoratining o‘rni va ahamiyati (+video)
15:44 / 2026-02-11

Aholi ehtiyojlari uchun barpo etilayotgan ijtimoiy ob’ektlar – ta’lim muassasalari, tibbiyot binolari, madaniy-maishiy inshootlar jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Ushbu ob’ektlarning mustahkam, uzoq muddat xizmat qiluvchi va eng muhimi, foydalanish jarayonida xavfsiz bo‘lishi qurilish jarayonida amalga oshirilayotgan davlat nazoratining samaradorligiga bevosita bog‘liqdir.

Navoiy viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan 2026 yil yanvar oyida 1594 ta qurilish ob’ektida 1754 marotaba monitoring o‘tkazilib, o‘rganishlar natijasida tegishli mutasaddilarga 702 ta yozma ko‘rsatma berilgan. 

O‘rganishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, qurilish jarayonida eng ko‘p uchrayotgan kamchiliklar sifatsiz qurilish materiallari qo‘llanilishi, texnik va mualliflik nazoratining yetarli darajada amalga oshirilmasligi, shuningdek, litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlar bilan bog‘liq qonunbuzilishlar hisoblanadi. Aynan shu sababli 105 ta taqdimnoma kiritilgan bo‘lib, bu chora-tadbirlar kamchiliklarni tizimli bartaraf etishga qaratilgan.

Alohida e’tiborli jihat esa 25 ta sifatsiz qurilish-montaj ishlarining buzdirilganidir. Bu holat davlat nazorati faqatgina hujjatbozlik bilan cheklanib qolmayotgani, balki amaliy jihatdan ham sifatsiz ishlarning oldi olinayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, 32 ta ma’muriy javobgarlik choralarining qo‘llanilishi qurilish ishtirokchilari uchun mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

[gallery-27581]

Karmana tumani “Talqoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida mukammal ta’mirdan chiqarilayotgan oilaviy shifokorlik punkti qo‘shimcha binosi qurilishida olib borilgan o‘rganishlar davomida ham bir qator kamchiliklar aniqlandi.

– Bugungi kunda tibbiyot muassasasining 50 o‘rinli qo‘shimcha binosi qurish va mavjud binoni ta’mirlash ob’ektida g‘isht terish qoidalariga amal qilinmagan, – deydi hududiy inspeksiya bosh mutaxassisi Madali Xudoyberdiyev. – Qolaversa, pardevor va asosiy devorni mustahkamlovchi metall bog‘lamlarda moyli bo‘yoqlash ishlari bajarilmasdan o‘rnatilgan. Shuningdek, g‘isht terish ishlarida tik choklar qorishmalar bilan yetarli darajada to‘ldirilmagan. Eshik sarbastalari loyiha talablaridan chetlangan holda tayanish masofasi noto‘g‘ri o‘lchamda bajarilgan. Ushbu aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul xodimlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Sifatsiz joylar buzdirildi va tegishli dalolatnomalar tuzish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Darvoqe, qurilish sohasida davlat nazorati bu faqat tekshiruv emas, balki sifat, xavfsizlik va aholi ishonchini ta’minlovchi muhim mexanizmdir. Nazorat tadbirlarini yanada kuchaytirish, qurilish qatnashchilarining mas’uliyatini oshirish hamda profilaktik ishlarga keng e’tibor qaratish orqali kelgusida kamchiliklar sonini kamaytirish mumkin. Bu esa o‘z navbatida, aholi uchun barpo etilayotgan har bir ijtimoiy ob’ektning mustahkam va ishonchli bo‘lishini kafolatlaydi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-hfKqwc2Atw" title="Qurilish sifatini ta’minlashda davlat nazoratining o‘rni va ahamiyati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari