Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish sifatini ko‘zdan kechirish maqsadida reyd tadbiri o‘tkazildi
15:45 / 2023-02-23

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkent viloyati hududlarida qurilayotgan ob’ektlarning loyiha hujjatlari bilan tanishish, qurilish sifatini ko‘zdan kechirish, kamchiliklarni erta bartaraf etish maqsadida reyd tadbiri o‘tkazdi.

Mazkur reyd tadbirida qurilish loyiha tashkilotlari, Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi hamda Seysmologiya institutlarining yetakchi ekspert va mutaxassislari ishtirok etdi.  

Ilk manzil Toshkent viloyati Chirchiq shahri «Shodlik» MFY hududida bunyod etilayotgan 9 qavatli turar-joy binosi bo‘ldi. Unda bino konstruksiyasining amaldagi me’yorlarga mosligi o‘rganildi.  

– Mazkur ob’ektni loyihalash jarayonida bir qancha kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi, – deydi Arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Anvarov. – Ko‘p qavatli uylarni joylashtirishda oraliq masofalar yetarli darajada saqlanmagan. Shuningdek, ko‘p qavatli turar-joy binolari uchun avtoturargohlar, bolalar maydonchalari va yashil hudud ham belgilangan normalarga mos emas. Ushbu ob’ektning loyiha oldi va loyiha hujjatlari ishchi guruh tomonidan o‘rganilishi belgilab olindi.

– Mazkur ob’ektda tashqi suv va namdan himoya qatlamlari belgilangan normativ talablar asosida olib borilmayapti, — deydi «Qishloqqurilishloyiha» loyiha-qidiruv instituti bosh konstruktori Sherzod Odilov. – Namdan himoya qatlamlari bajarilmasdan turib, binoning poydevor qismi chegarasida grunt qatlami bilan oldindan ko‘milgani aniqlandi. Shuningdek, o‘rganilgan ikkinchi temir-beton rama konstruksiyali bino ishchi armaturalarining zo‘riqish hosil bo‘ladigan joylarida  ulanishlarni kuzatdik. Bu ham qurilish normalariga zid holat sanaladi. Mavjud rigellarni beton ishlari bajarilmasdan turib loyihaga asosan qayta montaj qilish talab etiladi. Shuningdek, mazkur loyihalarning aynan ana shu hududga tegishliligi bo‘yicha joyiga bog‘lash ishlari rasmiylashtirilmagan. Loyiha bosh muhandisi, bosh arxitektori, ob’ektga mas’ul vakillarning mavjud javobgarligini tasdiqlaydigan hujjatlar bizga taqdim etilmagani sababli qurilish uchastkasining o‘zida vizual tarzda o‘rganish ishlarini olib borishga to‘g‘ri keldi.  

– Loyihadan avval muhandislik-geologik ishlari bajarilgan. Ya’ni, poydevor zamini tuproqlarining tarkibi va xususiyatlari xususida xulosa berilgan, – deydi «OʻzGASHKLITI» ilmiy-tadqiqot instituti bosh mutaxassisi Bahodir Sultonqulov. – Shu asosida loyiha amalga oshirilgan. Ammo kotlovanlarning o‘lchamlari belgilangan normalarga mos emas. Jumladan, qurilish jarayonida yog‘ingarchilik payti suvning kotlovanga tushish holatlari nazarda tutilmagani ma’lum bo‘ldi.  

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti ilmiy xodimi G‘ulomjon Isayev Nurafshon shahar Toshkent yo‘li ko‘chasida «Oqsaroy qurilish» MCHJ tomonidan qurilayotgan turar-joy binolarining seysmik xavfsizligi bo‘yicha fikr bildirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, karkasli binolar tipiga mansub mazkur qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosida birinchi, ikkinchi qavatlarda mustahkamlikni ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilishi kerak edi. Seysmik mustahkamlik nuqtai nazaridan binoning birinchi qavatidagi karkaslarning ko‘ndalang kesimlari yuqori qavatlarga nisbatan kattaroq bo‘lishi lozim. Loyiha hujjatlarida birinchi va ikkinchi qavatlarda beton konstruksiyalar nazarda tutilgan bo‘lsada, amalda g‘isht materialidan foydalanilgan. Bu esa bino mustahkamligining pasayishiga olib keladi.  

Ishchi guruh tomonidan Nurafshon shahar Toshkent yo‘li ko‘chasi «Nurafshon» MFY hududida tadbirkor D.Norqulov tomonidan qurilayotgan bino holati o‘rganildi.  

Mazkur ob’ektda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari yuzasidan Nurafshon shahar hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan 7 marta monitoring ishlari olib borilgan. Unda bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berilgan va ularning ijrosi ta’minlangan.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA