Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish ob’ektlari shinam va xavfsiz bo‘lishi kerak
09:41 / 2023-06-03

Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan joriy yilning besh oyi davomida 408 ob’ekt ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Mazkur ob’ektlarda inspeksiya tomonidan 1 ming 215 nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 1 ming 531 yozma ko‘rsatmalar berilgan. Ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bartaraf etmaganligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasiga asosan qurilish sohasidagi huquqbuzarliklari uchun 73 mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Jumladan, 23 holatda loyihalashtirish hamda pudrat tashkilotlari ishidagi kamchilik va xatoliklari uchun litsenziya va ruxsatnomalarni to‘xtatish, o‘tkazilgan nazorat paytida ishlatilgan va ishlatishga mo‘ljallangan sifati past, yaroqsiz materiallar hamda buyumlarning muvofiqlik sertifikatini bekor qilish bo‘yicha tegishli organlarga taqdimnomalar kiritilgan. 23 holatda esa bajarilayotgan sifatsiz va loyihadan chetlangan holda bajarilgan qurilish ishlarining poydevor, g‘isht devor, temir-beton konstruksiyalar hamda izolyatsiya va pardozlash ishlari buzdirilgan.  

Shuningdek, inspeksiya tomonidan monitoring o‘tkazish jarayonlarida aniqlangan noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish to‘g‘risida 42 holatda buyurtmachilarga ogohlantirish xatlari berilgan. 5  holatda noqonuniy ob’ektlarni buzdirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilib, sud qaroriga asosan buzdirilmoqda.

–Qator ta’sir choralari ko‘rilsa-da, hududlarni o‘rganish jarayonida ob’ektlarda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmayotganligi aniqlanmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi yetakchi mutaxassisi Bakirjon Ahmadjonov.  – Jumladan, qurilish maydonidagi barcha shaxslar himoya kaskalarida bo‘lishi lozim bo‘lsa-da, amalda bunday kaskalar bilan ta’minlanmaganligi, yuqori qavatlarda ishlovchilar uchun maxsus belbog‘lar berilmaganligi, qurilish ob’ektlarida shikastlanganlarga dastlabki yordam ko‘rsatish uchun dori aptechkalari, zambillar ajratilmaganligi, qurilish maydonchasini tashkil etishda xavfli zonalarga xavfsizlik belgilari va belgilangan shakldagi yozuvlar o‘rnatilmaganligi hollari aniqlanmoqda.

–Inspeksiya xodimlarining ko‘rsatma va yo‘l-yo‘riqlari foydadan holi emas. Chunki har bir inshootning pishiq-puxta qurib bitkazilishi, me’yor talablariga mosligi, qurilayotgan inshootlarning shinam va ko‘rkam bo‘lishi bilan birga, xavfsiz va chidamli ekanligi unda yashovchi yoki ishlovchilar hayoti va xavfsizligi garovidir, – deydi "Affalina Fayz" mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Obidjon Tolibnazarov.  –  Binolarning loyihasidan tortib, qurilish yakuniga qadar tizimli nazorat o‘rnatilishi tarafdoriman.

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA