“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2022 yilda qurilish materiallari sohasida ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Unda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Bahodirov o‘tgan yilda qurilish materiallari sohasida ilm-fan yutuqlari va innovatsion g‘oyalar sarhisobiga to‘xtalib o‘tdi.
– 2021-2022 yillar holatiga ko‘ra, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshidagi Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashiga jami 50 ta ilmiy loyiha kelib tushgan, – dedi A.Bahodirov. – 50 ta loyihadan 26 tasi ekspertlar tomonidan baholanib, ilmiy-texnik kengash yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan. O‘tgan 26 ta loyihadan 11 ta ilmiy loyihaga kengash qarori bilan 15,5 milliard so‘m ajratilgan. Shu bilan birga, yangi texnologiyalar, tadqiqot va innovatsiya sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish va chuqurlashtirish maqsadida 20 ta korxona bilan uyushma va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida integratsiya yo‘lga qo‘yilib 3 tomonlama shartnomalar imzolandi. Natijada 2022 yilda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan jami 31 ta innovatsion texnologiyalar qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari amaliyotga joriy qilindi. O‘z navbatida, sohaga taalluqli 13 ta ishlanma tijoratlashtirilib, jami 0,73 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va 1,06 milliard so‘mlik mahsulot realizatsiya qilindi hamda 2,3 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, 2022 yilda 16 ta loyiha tijoratlashtirilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun davlat dasturlari doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 17,7 milliard so‘mdan ortiq hamda tarmoq tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 12,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ jalb qilingan.
Natijada 130 dan ortiq ishchi o‘rin yaratilgan va 21 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, bino va inshootlar qurilishi, yo‘l qurilishi hamda binolarni ichki va tashqi bezaklari uchun bo‘yoqlar, tom yopish uchun qoplamalar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-11828]
Anjumanda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Otajonov vazirlik tomonidan ilmiy muassasalar faoliyati muvofiqlashtirib borilishini ta’kidladi.
– Asosiy ilmiy loyihalarning yagona buyurtmachisi sifatida tarmoq korxonalari bilan shu tizimdagi ilmiy yechimini ta’minlashga doir muammolar aniqlanadi. Bu o‘rinda biz “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Ya’ni, tarmoq tegishli yo‘nalishlardagi muammoni bergandan keyin vazirlik tomonidan alohida davlat buyurtmasi ishlab chiqiladi. Davlat buyurtmasi ana shu muammoning yechimi yo‘lida byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar va kutilayotgan natijalar ma’lum bo‘lgandan keyin ilmiy loyihalarga tanlov e’lon qilinadi. Bu tanlov ochiq va shaffof tarzda o‘tkaziladi. Tanlovlar asosida eng yaxshi loyihalar moliyalashtiriladi. Prezidentimizning 2019 yil 23 maydagi “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshida Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashi tashkil etilgan. Kengashga shu yo‘nalishdagi faoliyat yuritayotgan 25 nafar olim va mutaxassis jalb qilingan. Ular tanlovga kelib tushgan loyihalarni baholaydi va vazirligimizga tavsiya qiladi. Vazirlik esa ularni moliyalashtiradi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qurilish materiallari sohasida import o‘rnini qoplash, mahalliy xomashyolar va texnogen chiqindilarni chuqur qayta ishlash asosida yangi qurilish materiallari texnologiyalarini yaratishdir, – dedi Sh.Otajonov.
Anjumanda Azizbek Bahodirov ma’lumot berganidek, hozirgi kunda qurilish materiallarining yangi turlarini ishlab chiqish bo‘yicha umumiy qiymati 12,1 milliard so‘mlik 10 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar yakuniga ko‘ra, tarkibida glaukonit va temir mavjud bo‘lgan pigmentlar olish texnologiyasi, minerallashgan quvur, panel va pol qoplamalari ishlab chiqarish innovatsion texnologiyasi, “yashil sement” kompozitsiyalarini ishlab chiqarish texnologiyasi, sanoat chiqindilari asosida agloporit olish texnologiyasi, yangi avlod oligomer antipirenlarni qo‘llab yog‘och qurilish materiallari va buyumlarining olovbardoshligini oshirishning resurs tejamkor texnologiyasi yaratilishi kutilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri