Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangiyo‘l qurilish materiallari uchta viloyatga yetkazib berilmoqda
16:19 / 2017-02-27

Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes subyektlari soni 23 ming 900 dan, uning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 57 foizdan oshdi.

Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes subyektlari soni 23 ming 900 dan, uning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 57 foizdan oshdi.

Yangiyo‘l tumanidagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Insof” mas’uliyati cheklangan jamiyati tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishayotgan subyektlardan biri.

Zamonaviy turar-joy binolari, ijtimoiy, ishlab chiqarish inshootlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi ko‘lamining yildan-yilga kengayishi bilan qurilish materiallariga ehtiyoj ham ortayotir. Buni hisobga olgan tadbirkorlar yuqori samarali zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Birinchi Prezidentimizning 2009-yil 19-iyundagi “Devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish va sifatini yaxshilash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yangi loyihalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi “Insof” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori A.Nurmatov. – O‘tgan yili 10 ming dona beton plita ishlab chiqarilgan korxonamizda bu ko‘rsatkich 10-yil avval atigi 2 ming dona edi. Tijorat banklarining kreditlari va o‘z mablag‘imiz hisobidan korxona zamonaviy qayta jihozlandi, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va turi ortib, sifati yanada yaxshilandi. Ayni paytda asosan Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida barpo etilayotgan uy-joylarga qurilish materiallari, yo‘l qurilishi va boshqa inshootlar uchun zarur bo‘ladigan tayanch ustunlar, asos bloklar, yo‘l to‘siq betonlari hamda yarim tayyor beton mahsulotlari yetkazib bermoqdamiz. Mahsulotlarimiz sifati va nisbatan arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Korxonada zamonaviy texnologiya asosida temir darvoza, alyumin va plastikdan eshik-rom ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda mehnat qilayotgan 80 dan ortiq ishchining qariyb yarmi kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislar ekani, ularning zamonaviy uskunalardan foydalanishni tez o‘zlashtirib olayotgani ish unumdorligini yanada oshirayotir.

Tumanda qurilish materiallari bozorining rivojlanishi hududda ko‘lami yildan-yilga kengayib borayotgan bunyodkorlik loyihalari, jumladan, zamonaviy uy-joylar barpo etayotgan pudrat tashkilotlari ehtiyojini qondirish imkonini bermoqda.