Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish materiallari sanoati “drayver”ga aylanmoqda
17:12 / 2021-10-05

Joriy yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 24,2 trillion so‘mni tashkil etadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Bahodirov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.  

 Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natijasida bugungi kunda ushbu tarmoq mamlakat iqtisodiyotining “drayver”iga aylanmoqda. Shuningdek, soha bo‘yicha amalga oshirilgan eksport 288 million dollarni tashkil etmoqda.  

 Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2016-2021 yillarda sohaga investitsiyalar jalb qilishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda investitsiyani jalb qilish ko‘rsatkichi 1 620 million dollarni tashkil etishi va ushbu davrga nisbatan investitsiya hajmini 5,6 barabarga oshirish mo‘ljallanmoqda. Ushbu davrlarda jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning hajmi 72,5 million dollardan 1 145 million dollarga yetkaziladi.  

 Sohada mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali ularning importini optimallashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, mahalliylashtirish dasturi doirasida 17 turdagi 920 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish va natijada 86 million dollarlik qurilish materiallari importining o‘rnini bosish mo‘ljallanmoqda.  

 bugungi kunda ayrim turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobidan qoplanmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan issiqlik izolyatsiya materiallariga bo‘lgan talab 83 foizga, linoleum – 81 foizga, qurilish oynasi – 70 foizga, buyoq mahsulotlari – 65 foizga, gazbeton bloklari – 51 foizga, sanitar-texnik vositalari – 40 foizga, devorbop gulqog‘ozlar – 30 foizga ta’minlangan.  

 “BCG” xorijiy kompaniya tomonidan qurilish materiallari sanoatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Unda tarmoq bo‘yicha mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, tarmoqning eksport salohiyatini yanada oshirish, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish kabi takliflar hamda strategiyani amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilgan.  

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA