Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish materiallari eksport hajmi 1,5 milliard AQSH dollarga yetkaziladi
12:26 / 2025-12-03

Mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirish, tarmoqning raqobatbardoshligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish bugungi kun talabidir. Prezidentimizning joriy yil 1 dekabrda qabul qilingan “Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori aynan shu ustuvor vazifalar uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur qaror sanoatni modernizatsiya qilish, ekologik talablarga javob beradigan, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish hamda tarmoq korxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim hisoblanadi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov qayd etganidek, Prezident qarori tarmoqdagi tizimli islohotlarni yanada tezlashtirishga xizmat qiladi. 

–Ayniqsa, ekologik toza va energosamarador materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan vazifalar mahalliy korxonalarga yangi bozorlarga chiqish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun muhim asos yaratadi. Bu hujjat barcha ishlab chiqaruvchi sub’ektlarga aniq yo‘nalish va strategik maqsadlarni belgilab berdi. Xususan, Prezidentimiz qaroriga asosan tarmoqni rivojlantirish  ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmini 62 trillion so‘mga yetkazish, qurilish sanoati korxonalarining eksport salohiyatini oshirish va eksport hajmini 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda ulardan qurilish jarayonlarida bosqichma-bosqich foydalanishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan, –dedi J.Shermetov.

Qarorga muvofiq, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tomonidan O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillarining Afg‘oniston hududiga “Termiz” avtoyo‘l o‘tkazish punkti orqali Davlat chegarasidan xavfsiz o‘tib-qaytishi ta’minlanadi. Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish vakolatiga ega tashkilotlar loyiha-smeta hujjatlarini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida qurilishda qo‘llanilishi mo‘ljallangan materiallar hajmining kamida 25 foizi ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallaridan iborat bo‘lishini tekshirish amaliyotini joriy etadi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA