Xilqat
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Prezident farmoniga ko‘ra bir qator xotin-qizlar davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ular orasida Shayxontohur tumanidagi “Lotus Gaz Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatining minorali kran mashinisti Ziyoda Supiyeva ham bor.
Ziyoda 41 yoshida mamlakatimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga qo‘shayotgan samarali hissasi uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. U 10-yildan buyon 100-120 metr balandlikdagi kranda ishlaydi.
– Ushbu mukofotni men Prezidentimiz tomonidan oilam, farzandlarimga bo‘lgan e’tibor nishonasi deb qabul qildim, – deydi Z.Supiyeva. – Mukofotni olib uyga qaytgan kunim farzandlarim mendek onasi borligidan faxrlanishlarini aytishdi. Ona uchun bolalaridan bunday gap eshitish yoqimli, albatta.
Ziyodani mahalladoshlari, dugonalari “kranchi ayol” deb chaqiradi. U bu kasbni egallashi, mahoratini oshirishi uchun yillab mehnat qildi. Olmos charxlangani sayin yaltiragani kabi u ham tinmay ishladi, mehnatdan qochmadi. Dastlab, 60 metrlik kranni boshqardi. So‘ngra 120 metrli kranni unga ishonib topshirishdi. Bu kasbning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, mas’uliyati haqida so‘raganimizda u shunday javob berdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IPPp0NMNxxM" title="Qurilish malikasi: “Men oʻqiganimda yaxshi rahbar boʻlar edim”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
– Yomg‘irli, qorli kunlarda 800-900 dona zinalarni bosib, tepaga chiqib tushishning o‘zi bo‘lmaydi. 120 metr balandlikdagi kranni boshqarish yerda yuradigan mashinani boshqarishdan bir necha marotaba qiyinroq, mas’uliyati kattaroq. Chunki kranchi o‘z ishini sifatli bajarishdan tashqari, pastda ishlayotgan ishchilarning ham hayotiga javobgardir. Uning birgina qaltis harakati tufayli odamlarning sog‘lig‘i, hayotiga zarar yetishi mumkin. Axir u kranida 10-15 dona g‘ishtni emas, butun boshli uyning tomini yopadigan og‘ir betonlarni tashiydi, u yoqdan bu yog‘ga harakatlantiradi. Bu kasbni uddalash uchun juda katta sabr, matonat kerak. Ko‘p yoshlar o‘rganish uchun kelib, 1-2 oy ishlab, “Opa kraningiz o‘zingizga buyursin”, deb ketib qoladi.
Ayol – nozik xilqat, bunday ishlarni erkaklar bajarishi kerak, deydiganlar ham bor. Ammo Ziyoda bunday gaplarga e’tibor bermay, maqsadi sari olg‘a intiladi. Orzusi oliy ma’lumotli bo‘lish edi. Afsuski, o‘qish uchun imkon topilmadi. Dastlab zavodda oddiy ishchi bo‘lib ishladi, u ishlagan zavodning sog‘liqqa zarari ko‘pligi uchun kasbini o‘zgartirdi. Kranchilikka o‘qigach, qurilishda ish boshladi.
– Kasbimni yaxshi ko‘rganim uchun uncha-muncha qiyinchiliklar sezilmaydi, – deydi Ziyoda. – Qancha balandlikka chiqsam, shuncha yengil tortaman. O‘zimni xuddi qush kabi uchib chiqqandek his qilaman. Tepalikka chiqib ishlashning zavqi boshqacha, ayniqsa, kechqurun chiroqlar yonib, shahar yana ham chiroyli bo‘lib ketadi. Shaharning go‘zalligiga mahliyo bo‘lib ishlab, qiyinchiliklarni ham unutaman. Kelgusida 50 qavatli binolar qurilar ekan. 200-300 metr balandlikdagi kranlarga chiqib ishlash niyatidaman.
Nigora Rahmonova, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA