Urganch shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari mas’ullari uchun “Qurilish loyihalari ijrosini tashkil etish va sohada davlat nazoratining o‘ziga xos jihatlari” mavzusida maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarda uchta hududning qurilish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi xodimlari, inspeksiyasi inspektorlari, soha prokurorlari hamda zilzilabardoshlikni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar a’zolari ishtirok etishdi.
– Joriy yilning fevral oyida ma’lum bo‘ldiki, shu kunda mamlakat bo‘yicha 2 ming 500 dan ortiq ijtimoiy, infratuzilma va ishlab chiqarish ob’ektlari, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylarda qurilish-montaj ishlari ro‘yxatdan o‘tmagan holda amalga oshirilgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy- joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish ispeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Lepesbay Zarlikov. – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 fevraldagi qaroriga muvofiq qurilish ob’ektlarini ro‘yxatga olish muddati joriy yilning 1 iyuliga qadar uzaytirildi. Shuningdek, qurilish ishlarini ro‘yxatga olish jarayonlari davrida qurilish ob’ektining kengash xulosasi, qurilish ishlari loyiha talablari asosida bajarilgani, ijobiy ekspertiza xulosasi, shu bilan birga binoning texnik ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risidagi ijobiy xulosalar olingani ob’ektni ro‘yxatga olish uchun asos bo‘lishi belgilangan. Biroq ushbu tartib 2025 yil 24 fevral sanasidan keyin o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilish ob’ektlariga tatbiq etilmaydi va ushbu qurilish ob’ektlari ro‘yxatga olinmaydi.
O‘quv mashg‘uloti davomida qurilish ob’ektlarining loyiha smeta hujjatlarini shaharsozlik va kompleks ekspertizadan o‘tkazish, bunda ko‘p qavatli binolar uchun seysmik va zilzilabardoshlik talablariga alohida e’tibor berish, baholash va bu jarayonda prokuror nazoratini tashkil etish jarayonlari ishtirokchilarga tushuntirildi.
[gallery-23745]
O‘quv mashg‘ulotining amaliy qismida ishtirokchilar “Al-Xorazmiy” shaharchasida bo‘lishdi. Uular ko‘p qavatli uy-joy qurilishida seysmik xavfsizlik talablariga rioya qilinishini instrumental tekshirish ko‘nikmalarini oshirdilar. Hududlarda tashkil etiladigan prokuror nazoratini olib borishda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlarni ham o‘rgandilar.
O‘quv mashg‘ulotlari yakunida ishtirokchilarining olgan bilim va ko‘nikmalarini test savollari orqali sinovdan o‘tkazildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari