Qurilish sohasi har qanday davlat iqtisodiyotining muhim dirayveri sanaladi. Bu soha infratuzilma, ijtimoiy ob’ektlar va sanoat loyihalarini rivojlantirishda asosiy rol o‘ynaydi. Biroq, so‘nggi yillarda qurilish korxonalarining soliq qarzi sezilarli darajada oshgani kuzatilmoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1 ming 243 tani tashkil etmoqda. Ularning jami soliq qarzi qariyb 1,3 trillion so‘mga yetib, davlat byudjeti va qurilish sohasining iqtisodiy barqarorligi uchun jiddiy tahdid solmoqda.
E’tiborlisi, ushbu qarzning 522,5 milliard so‘mi, ya’ni qarzning 38,7 foizi eng yirik 10 ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. Qurilish sohasidagi eng yirik korxonalar qarzdorligi butun sohadagi barqarorlik va byudjet mablag‘larini samarali taqsimlash uchun muhim signal ekanini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida soliq qarzi bo‘yicha Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Andijon viloyatlari eng yuqori uchtalikdan o‘rin egallagan.
Toshkent shahrida qarzdorlik 492,2 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Qarzning eng katta qismi poytaxtdagi yirik qurilish va infratuzilma loyihalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinda Toshkent viloyati – 125,9 milliard so‘m soliq qarzdorligi mavjud. Hududdagi turli qurilish korxonalari qarzi yuqori bo‘lib, xususiy va davlat loyihalari bo‘yicha qarzlar jamlangan. Andijon viloyatida 124,6 milliard so‘m soliq qarzdorlik mavjud. Qarzdorlik asosan mahalliy infratuzilma va sanoat ob’ektlari bilan bog‘liq.
Qurilish korxonalari soliq qarzi bir nechta asosiy omillar bilan bog‘liq. Xususan, soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishdagi kechikishlar, loyihalar va infratuzilma qurilishlari uchun mablag‘ oqimining uzluksiz bo‘lmasligi bilan bog‘liq. Shuningdek, nazorat va raqamli hisob tizimlarining yetarli darajada samarali emasligi, ishlab chiqarish jarayonlari va smeta rejalarini samarali boshqarishning qiyinchiliklari bunga sabab bo‘lgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA