Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilish ishlari prokuratura nazoratida
15:15 / 2023-06-06

Buxoro viloyati prokuraturasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2018 – 2021 yillarda renovatsiya davlat dasturi doirasida Buxoro shahri bo‘yicha 85 yakka tartibdagi hamda 59 ikki-uch qavatli uy - joylar buzilib, o‘rniga zamonaviy loyihalar asosida 69 ko‘p qavatli uy - joylar qurilmoqda.

O‘rganishlar natijasida 2021 – 2022 yillarda 89 ko‘p qavatli turar - joy binolarining qurilish me’yorlariga zid ravishda foydalanishga qabul qilinganligi aniqlanib, mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi hamda viloyat kadastr palatasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudida qariyb 300 nafar fuqaroni aldab firibgarlik jinoyatini sodir etganlarga nisbatan sud jarayoni yakuniga yetdi.

Viloyat prokuraturasi tomonidan berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, turar - joy binolarini qurib foydalanishga topshirish davomida fuqarolarni aldab, ishonchini suiiste’mol qilib, ularga tegishli xonadonlarni rasmiylashtirib bermasdan kelayotgan quruvchi tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan 13 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular ichki ishlar organlari tergovidan bevosita viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi ish yurituviga olindi.

Olib borilayotgan tergov harakatlari natijasida jinoyat sodir etilishi oqibatida fuqarolarga yetkazilgan 3 milliard 184 million so‘mlik zararning undirib berilishi va boshpanasiz qolgan 62 nafar fuqarolarga o‘zaro kelishuv asosida uy - joylarning olib berilishi ta’minlanib,   buzilgan huquqlari tiklandi.

Xususan, “Buxoro eco stroy plyus servis” MCHJ rahbari G‘.Payanov va boshqalar fuqarolarni aldab, o‘zlari qurgan ko‘p qavatli uydan kvartira berishni va’da qilib, ularning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini   olib,  o‘z ehtiyojlari uchun  sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, jinoyatni sodir qilgan G‘.Payanov va uning 2 nafar jinoiy  sherigi qamoqqa   olingan. Olti oy davomida jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib aybdorlarga nisbatan hukm e’lon qilindi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar qoplanishi belgilandi.  

Zarif Komilov, O‘zA