Buxoroda so‘nggi ikki yilda qurilishdagi qonun buzilish holatlari yuzasidan 62 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bu sohada korrupsiya nihoyatda avj olganidan dalolat beradi. So‘nggi ikki yilda viloyatda faqat tergov o‘tkazilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 8,5 milliard so‘m talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Birgina misol, Buxoro tumani maishiy xizmat va servis kasb-hunar kolleji bino-inshootlari negizida yangi harbiy shaharcha barpo etish loyihasi bo‘yicha “Dilshod qurilish trans” MCHJ mansabdorlari qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha amalda bajarilmagan ish hajmini qo‘shib yozib, 3 milliard so‘mni talon-toroj qilgan.
Tahlillar bu sohadagi jinoyatlarning aksariyati amalda bajarilmagan ishlarning rasmiy hujjatlarga qo‘shib yozilishi orqali sodir etilganligini ko‘rsatmoqda.

Masalan, 2020 yilda Shofirkon tumani markaziy ichimlik suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish loyihasi bo‘yicha “Elektroburstroy” MCHJ rahbari Sharipov va buyurtmachi korxona mas’ullari haqiqatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali jami 475 million so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan. Qurilish sohasida bunday misollarni har bir tuman va idoralar kesimida keltirish mumkin.

Endilikda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar ijrosini o‘z vaqtida, sifatli tashkil etish, mablag‘larni manzilli va samarali ishlatilishini ta’minlash, talon-torojliklarni oldini olish maqsadida prokuratura organlarida “Byudjet nazorati” elektron dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dasturga barcha loyiha bo‘yicha yer ajratilishidan tortib, to ob’ekt foydalanishga topshirilgunga qadar bo‘lgan har bir jarayon kiritiladi. Natijada kunlik nazorat o‘rnatiladi. Qurilish ishlarining sifatli bajarilishi mutaxassislar yordamida o‘rganiladi.

Davlat rahbarining qaroriga asosan joriy yildan boshlab davlat dasturlari ijrosi ustidan nazorat o‘rnatishning yangi tartibi joriy etildi. Bundan buyon nazorat har qachongidanda kuchliroq bo‘ladi. Qarorga asosan Bosh prokuraturada Respublika shtabi, viloyat va tumanlarda esa prokurorlar rahbarligida hududiy shtablar tashkil etildi.
Dasturlarga kiritiladigan ob’ektlarni tanlab olishdan tortib, toki foydalanishga topshirilguniga qadar bo‘lgan jarayonlar shtablarning, jumladan, viloyat prokurori nazoratida bo‘ladi.

Zarif Komilov,
O‘zA