Xorazm viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Viloyat hududida olib borilayotgan qurilish sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, qurilishning barcha bosqichlarida shaffoflikni ta’minlash, bu boradagi yangiliklarni amaliyotga keng joriy etish borasidagi ishlar” mavzusida matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi.
Anjuman avvalida davlatimiz rahbarining joriy yil 14 apreldagi “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar, sohadagi yangiliklar haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng hududiy inspeksiya tomonidan joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida gap bordi.
– Ayni paytda viloyatda jami 2126 ta qurilish ob’ektida davlat nazorati olib borilmoqda, – deydi hududiy inspeksiya boshlig‘i Sherzod Otayev. – Mazkur ob’ektlarda bugungi kunga qadar inspektorlar tomonidan jami 19 ming 242 marotaba monitoring ishlari o‘tkazildi. Monitoring natijalariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi yuzasidan 700 ming 878 ta yozma ko‘rsatma berildi. Qo‘llanilgan sifatsiz qurilish materiallari va buyumlari yuzasidan 65 ta, loyihalashtirishda mavjud kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganlik uchun 9 ta mas’ul tashkilotlarning litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlari bekor qilinishi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritildi. Jami 168 ta holatda esa aniqlangan sifatsiz qurilish-montaj-ishlari buzdirildi. Shuningdek, aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 790 ta holat uchun 4 milliard 208 million so‘mlik ma’muriy jarimalar rasmiylashtirildi.
Anjumanda ta’kidlandiki, viloyatda iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatini o‘rganish bo‘yicha 1 ming 372ta tahlil namunalari olinib, shundan 12 ta holatda ichimlik suvining belgilangan milliy standart talablariga javob bermasligi aniqlandi. Oqova suvlarni chiqarib yuborishda ham 334 ta noqonuniy holatlar aniqlanib, qoidabuzarlardan 547 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilishi belgilangan.
Tadbirda OAV vakillariga seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi bilan bog‘liq qonunning mazmun - mohiyati ham tushuntirildi.
– Joriy yilning 25 mart kuni “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi, – deydi hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Komiljon Shomurodov. – Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga binolar va inshootlardan foydalanishga doir qonunchilikni buzgan holda ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni o‘zgartirganlik va rekonstruksiya qilganlik, shuningdek, binolar va inshootlar, aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarini, ularni rejalashtirish va qurish loyihalarini buzgan holda loyihalashtirganlik, rekonstruksiya qilganlik va qurganlik uchun javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan. Bunda jinoiy javobgarlik aybdor shaxslar ushbu huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortib bo‘linganidan keyin yuzaga keladi.
[gallery-25273]
Matbuot anjumanida ishtirok etganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Press-tur qatnashchilari Urganch tumani Oq ariqlar mahallasi hududida barpo qilinayotgan Al-Xorazmiy shaharchasida qurilish-montaj ishlarining tekshiruv jarayonlari va Qurilish-sinov laboratoriyasi sinov jarayonlari bilan tanishdilar.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/yP1SRNwKpd0" title="Qurilish ishlari nazoratda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA