Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari holati o‘rganilmoqda.
Ishchi guruh tomonidan hududdagi pudratchi va buyurtmachi tashkilotlar, sektor rahbarlari hamda qurilish sohasiga bevosita mas’ul bo‘lgan idora va tashkilot rahbarlariga olib borilayotgan qurilish ishlari sifatini yaxshilash, qurilish ob’ektlarini o‘z muddatida foydalanishga topshirish, sohadagi davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish yuzasidan tegishli topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganishlar davomida asosiy e’tibor davlat dasturlari ijrosini sifatli va to‘liq bajarilishini ta’minlashga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil qilish, ajratilgan byudjet mablag‘larining talon – toroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, sohadagi mavjud qonun buzilishi holatlarining oldini olish, shuningdek, qurilish sohasida davlat dasturlari ijrosiga bevosita mas’ul bo‘lgan idora va tashkilot rahbarlari, byurtmachi hamda pudratchi korxonalar mas’uliyatini yanada oshirishga qaratildi.

Ma’lumot o‘rnida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha joriy yilda qiymati 1 trillion 267 milliard so‘mlik 444 ta qurilish – ta’mirlash loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur loyihalarning 119 tasi investitsiya dasturlari doirasida, 289 tasi mahalla va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash yo‘nalishida, 36 tasi “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi yo‘nalishida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, dasturlarga kiritilgan qurilish ob’ektlariga ortiqcha ish hajmlari va qurilish materiallarini muvofiqlashtirish hisobiga mablag‘larni iqtisod qilish, qo‘shimcha qurilish loyihalariga ajratish choralari ko‘rilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri