Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilayotgan ob’ektlarning ishonchliligini ta’minlashda qanday choralar ko‘rilmoqda?
11:46 / 2023-05-26

Mamlakatimizda seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ob’ektlarda bino va inshootlarning zilzilabardoshligiga ta’sir qiluvchi, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari hamda buyumlar qo‘llanilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasiga alohida e’tibor qaratilayotir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining binolar va inshootlar konstruksiyalarining xavfsizligi va ishonchliligi, ularning seysmik chidamliligiga qo‘yiladigan talablarga javob berishi, qurilayotgan ob’ektlarning ushbu talablarga muvofiqligini nazorat qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.  

Eshituvda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamda vazirlik mutasaddilari ishtirok etib, kun tartibidagi masala yuzasidan ma’lumotlar taqdim etdi.    

— Bugungi kunda yurtimizda qurilish sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, — dedi O.Jo‘rayeva. — Mazkur jarayonda binolar va inshootlarning mustahkamligini ta’minlash, konstruksiyalarining xavfsizligini nazorat qilish dolzarb ahamiyatga ega. Hududiy nazorat inspeksiyalarining kiritgan taqdimnomalariga ko‘ra, qurilish ishtirokchilari tomonidan mualliflik va texnik nazoratni buzganligi uchun litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish, bekor qilish, ob’ektlarda bino va inshootlarning zilzilabardoshliligiga ta’sir qiluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilgan holatlar aniqlanib, ular bo‘yicha 300 dan ortiq taqdimnomalar kiritilgan. 

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021 yil 1 iyuldan boshlab yangi qurilayotgan barcha turdagi bino va inshootlar, ko‘p kvartirali uy-joylarning seysmik mustahkamlik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan elektron texnik pasportlar shakllantirilib, bugungi kunga qadar yetti mingga yaqin yangi qurib bitkazilgan ob’ektlar kiritilgan. Seysmologiya instituti bilan hamkorlikda seysmik hududlashtirish, ob’ektlar uchun seysmik ta’sirlarni baholash, muhandis-seysmologik tadqiqotlarni o‘z ichiga olgan asosiy qoidalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.  

Xalq vakillari o‘rganishlar davomida joylarda guvohi bo‘lingan ko‘plab masalalar yuzasidan savollarni o‘rtaga tashladilar. Shuningdek, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash choralarini ko‘rish, loyihachi tashkilotlarning mualliflik nazorati xodimlari vakolatini oshirish hamda qurilishda nazorat sub’ektlarining javobgarligini belgilash masalasini qonunchilikda aks ettirish va boshqa bir qator taklif va tavsiyalar bildirdilar.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA