French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurilayotgan ob’ektlar qonuniyligini tekshirish uchun onlayn-xarita ishga tushirildi
13:24 / 2025-12-20

O‘zbekistonda yangi qurilayotgan uy-joy va binolarning qonuniyligini tekshirish imkonini beruvchi onlayn-xarita ishga tushirildi.

Endi fuqarolar uy-joy sotib olishdan oldin qurilish ob’ektining huquqiy maqomi, loyiha hujjatlari va amalga oshirish muddatlari bilan onlayn tarzda tanishishlari mumkin.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lum qilishicha, mazkur platforma orqali butun respublika bo‘ylab barcha yangi qurilayotgan ob’ektlar haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyati yaratildi. Onlayn-xarita Respublika urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish markazi saytida joylashtirilgan.

Platforma orqali har bir ob’ekt bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Umumiy tavsif va joriy holati, joylashuv manzili, buyurtmachi haqidagi ma’lumotlar, bloklar, qavatlar va kvartiralar soni taqdim etilmoqda.  

Shuningdek, har bir qurilish ob’ekti uchun QR-pasport shakllantirilgan bo‘lib, unda qurilishga ruxsat olingan sana, loyiha va pudrat tashkilotlari, ekspertiza xulosalari va arxitektura-shaharsozlik kengashi qarorlari, qurilish ishlarining taxminiy tugallanish muddati aks etgan.

Onlayn-xaritada ob’ektlar holatiga qarab ranglar orqali belgilangan: qizil — qurilishi to‘xtatilgan ob’ektlar, ko‘k — qurilish jarayonida bo‘lgan ob’ektlar, qora — muzlatilgan yoki bekor qilingan loyihalar.

Foydalanuvchilar ob’ektlarni kadastr ma’lumotlari orqali qidirishlari, turli yo‘nalishlar bo‘yicha saralashlari mumkin. Noqonuniy qurilishlar alohida belgilanib, aniqlangan qoidabuzarliklar ham ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, dshk.shaffofqurilish.uz (https://dshk.shaffofqurilish.uz/) platformasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ustida ishlar olib borilmoqda. Mazkur funksional yil oxiriga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA