English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qurib olaveraylik, hujjatlari keyin bo‘ladi”
12:58 / 2022-07-26

So‘nggi yillarda respublikada yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, ularni muhofaza qilish, yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda qayta muomalaga kiritish borasida tizimli ishlar qilinyapti.

Biroq hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, noqonuniy qurilmalar qurish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari uchrayotgani bu borada raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali yagona nazorat tizimini joriy etish, vakolatli idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosi yuzasidan Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi hamkorligida joylarda yer qonunchiligi, yerlardan samarali foydalanish, o‘zboshimchalik bilan egallab olish va qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari yuzasidan monitoring ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Bo‘stonliq, Parkent, Yangiyo‘l va Qibray tumanlarida olib borilgan monitoringlar davomida jami 1 ming 352 ta holatda 372,2 gektar yer maydonda yer qonun buzilish holatlari mavjudligi aniqlandi.

Shundan 1 ming 84 ta holatda 238,4 gektar yer maydoni o‘zboshimcha egallab olingan. Jumladan, 270 ta holatda 24 gektar turar-joylar, 382 ta holatda 66,9 gektar noturar-joylar qurilgan. 265 ta holatda qurilishlarsiz o‘zboshimcha egallab olingani, 82 ta holatda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 105,9 gektar yer samarasiz foydalanib kelinayotgani aniqlandi.

Bundan tashqari, elektron auksion savdolarga chiqarish uchun 254 ta holatda 34,3 gektar bo‘sh yer maydonlari haligacha saqlanib turibdi. Shu kabi holatlarni bartaraf etish yuzasidan Kadastr agentligi hududiy bo‘limlari tomonidan 841 ta yer qonun buzilish holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirildi. Shu bilan birga 18 ta holatda qonunni buzgan shaxsga nisbatan ogohlantirish xatlari berildi, 49 ta yer qonun buzilish holati joyining o‘zida bartaraf etilgan va o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish bo‘yicha sudlarga 39 ta da’vo ariza kiritilgan.

Bu kabi kamchiliklar ko‘p, ko‘rsatkichlar yuqori. Biroq bu viloyatning atigi 4 ta tumanida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari, xolos. Ko‘p marotaba ogohlantirishlarga qaramay, fuqaro va tadbirkorlar tomonidan ko‘r-ko‘rona qurilish ishlari haligacha davom ettirilmoqda. Ammo Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi.

“Qurib olaveraylik, hujjatlari keyin bo‘ladi” qabilida ish tutish holatlari hamon davom etyapti. Buning oqibati negadir o‘ylab ko‘rilmayapti. Yer kodeksining 1-moddasida Yer umummilliy boylikligi, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarurligi va u davlat tomonidan muhofaza qilinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Aholi, ayniqsa, tadbirkorlar yer munosabatlarida qonun talablariga rioya qilishi maqsadga muvofiqdir.

A.Musayev, O‘zA