Sayohat manzillari
Qashqadaryoning Muborak tumani cho‘llari bitmas-tuganmas kenglik. Bir tomondan Buxoro, ikkinchi tomondan Samarqand. Bu sarhadlar orasida go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek, tabiatning o‘zi ham bir olam.
Bundan bir necha oy avval muboraklik cho‘pon bilan suhbatda shu hududda to‘qayzorlarga boy, hayvonot dunyosi gullab-yashnagan bir soy borligini eshitgan edik. Uning hikoyasi shunchalik jozibali ediki, o‘sha zahotiyoq Sho‘rsoyni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish istagi uyg‘ongandi.
Nihoyat fotomuxbir bilan yo‘lga tushdik. Muborakka yetib borgach, tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Ilyos Mahmudov ham sayohatimizga qo‘shildi. A380 trassasidan burilib, Istiqlol mahallasi orqali o‘tdik. Namunali uylar tugagan zahoti cho‘lning tanish manzarasi saksovul, yulg‘unzor va shamol urib ketgan adirlar boshlandi.
Utror qishlog‘i odamlar yashaydigan oxirgi manzil. Bu yerdan keyin faqat cho‘l, sukunat va tabiatning o‘z qonuniyati boshlanadi. Bizga yo‘lboshchilik qilib borayotgan Ilhom Qurbonovning “Hozir soyga olib chiqaman”, degan so‘zlari umid bag‘ishlardi.
Cho‘l havosi qishda ham o‘ziga xos: qurib qolgan yantoq, qizg‘ish tus olgan saksovul, olisda suruv-suruv qo‘ylar. Cho‘l qushlari noma’lum mehmonlardan cho‘chib, qo‘rquv bilan parvoz qiladi. Tinchlik va sukunat ostida esa hayot qaynaydi.
Yo‘lda bir asrlik quduqqa duch keldik. Ilhom aka bu quduqdan yaqin-yaqinlargacha suv olib kelinganini aytadi. Ammo oxirgi yillarda suv sathi shunchalik pasayib ketganki, hozir u butunlay qurib qolgan. Yangi quduq qazishga ehtiyoj tug‘ilganini shu manzaraning o‘ziyoq aytib turardi.
Sho‘rsoyga olib boruvchi yo‘llar esa qo‘y izlari kabi bir-biriga chatishib ketgan. Qay biri qayerga olib boradi, ajratib bo‘lmaydi. Bir necha bor adashib, yana yo‘lga tushdik. Nihoyat manzilga ham yetdik.
Ammo cho‘ponlar aytgan go‘zal Sho‘rsoy o‘rnida qurib qolgan, tuzga botgan keng vodiy yotardi.
Eni taxminan 500 metr keladigan soyning o‘rnida qip-qizil tuz qatlami qor yoqqan kenglikni eslatadi. Bir tarafi qalin to‘qayzor. Hamrohlarimiz aytganidek, bu soy bir vaqtlar odamni bo‘ylamaydigan suv bilan to‘lib oqqan. Unga qishloq xo‘jaligi maydonlaridan oqib kelgan kollektor va zovur suvlari hayot bag‘ishlagan ekan.
So‘nggi yillarda esa bu suvlar maydonlarni sug‘orishga yo‘naltirildi. Soyga suv kelishi deyarli to‘xtagan, natijada yuzlab gektar maydon tuzga botib qolgan.
To‘qayzor hali tirik. Qamishlar shovullaydi, qushlar shovqin solib sayraydi. Biroq bu g‘ovur-g‘uvur ostida xavotir bor – suv kelmas ekan, bu yerning hayoti ham so‘nadi. Cho‘l lochini esa balandda tinmay aylanib, parvoz qilar ekan, go‘yo shunday deydi: “Tabiatga ta’sir qilib bo‘lmaydi u o‘z haqini bir kuni talab qiladi”.
[gallery-26677]
Men Orol dengizida bo‘lganim yo‘q, ammo qurib qolgan Orolning kadrlari ko‘z oldimdan o‘tdi. Sho‘rsoy ustida yurarkanman, tufligim tuz qatlamiga botarkan, bir narsani aniq his etdim: Inson tabiat muvozanatini qachonki buzsa, tabiat ham unga javob qaytaradi.
Bu soy quriydigan bo‘lsa, to‘qay ham qurishi, qushlar ko‘chishi, hayvonot dunyosi yangi manzil izlashga majbur bo‘lishi tayin. Bu tabiiy jarayon emas, balki inson qo‘li bilan keltirib chiqarilgan oqibat.
Shu atrofda cho‘ponlar qo‘y boqib yurarkan, ulardan biri:
“Suv pastdan kelyapti, hali bu yerga yetib keladi”, – dedi.
Bu so‘zlar bizga ham umid baxsh etdi. Soy bo‘ylab yuqori tomonga ko‘tarildik. Ancha yo‘l yurdik va nihoyat suv boshiga yetdik.
Darhaqiqat, suv kelayotgan ekan. Ammo biz kutganday to‘lib-toshgan holda emas mayin, sekin, “xo‘mrayib”. Go‘yo qo‘rqqanday, go‘yo shubha bilan.
Bu suv soyga qayta hayot bag‘ishlaydimi? Yoki kech bo‘lib qoldimi? Ushbu savolga hozir hech kim aniq javob bera olmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Sho‘rsoy faqat soy emas u saboqdir. Sho‘rsoyning qurib borishi bu kichik bir tabiiy hodisa emas. Bu suv taqchilligi, tabiatga nisbatan tejamsiz munosabat va ekologik muvozanat buzilishi kabi katta jarayonlarning kichik bir ko‘zgusidir.
Soyni saqlab qolishning imkoni bor. Bunga suv ta’minotini me’yorlashtirish, kollektor suvlarini oqilona taqsimlash, atrofdagi to‘qayzorlarni muhofaza qilish, cho‘l hududidagi ekologik o‘rganishlarni kuchaytirish kabi choralar kerak.
Sho‘rsoyning yana jo‘shqin holda oqishi bu faqat tabiatning emas, balki insonning ham g‘alabasi bo‘lardi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lMzEaTTcEeA" title="Qurib borayotgan Sho‘rsoy izidan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari