Umuman, suv tanqisligi muammosi O‘zbekiston uchun ham begona emas. Bu esa vaqt o‘tishi bilan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish ishlarida katta muammolarni vujudga keltirishi mumkin.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha bosh mutaxassisi O‘rozali Shonazarovning ta’kidlashicha, mamlakatimizning suv tanqis bo‘lgan hududlarida gidrogeldan foydalanish yaxshi natija berar ekan.
– Sir emas, so‘nggi yillarda dunyo hamjamiyatini qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanish kabi muammolar tashvishga solmoqda, – dedi O‘.Shonazarov. – Shu sababli, ilmiy muassasamiz olimlari suv tanqis bo‘lgan hududlarda gidrogeldan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qildi.
Ta’kidlash kerakki, iqlim o‘zgarishi oqibatida 2050 yilga borib, Tyan-Shan va Pomir tog‘ tizmalaridagi jami muzliklarning 30-50 foizgacha bo‘lgan qismi erib ketishi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida suvga bo‘lgan talab 50 foizgacha oshishi kutilmoqda. Buning oqibatida O‘zbekistonda suv tanqisligi o‘rtacha 15-25 foizga, cho‘llanish darajasi esa 123 million kvadrat metrga yetishi mumkin. Suv taqchilligining ortishi uni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish zarurligini anglatadi.
Keyingi yillarda Germaniya, Yaponiya, Xitoy kabi mamlakatlarda o‘simliklarni parvarish qilishda turli xil noan’anaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda. Misol uchun, Yaponiyada havo haroratiga qarab shaklini o‘zgartiruvchi gidrogel yaratilgan. U egiluvchan bo‘lib, suvni o‘ziga shimib olganda kengayadi va namlikni o‘simlik tomiriga beradi. So‘ngra oldingi holatiga qaytadi va yana namlikni yig‘a boshlaydi. Shu bois, bu cho‘l-dasht hududlaridagi o‘simliklarni sug‘orishda juda qo‘l keladi. Xitoyda cho‘l hududidan o‘tuvchi 450 kilometr magistral yo‘l bo‘yida gidrogel yordamida ihotalangan daraxtzor va yashil qoplam barpo etilgan.
Ana shunday xalqaro tajribalardan kelib chiqib, mamlakatimizda ham gidrogel imkoniyatlaridan keng foydalanish suv tanqisligi muammosida ijobiy yechim bo‘la oladi, deyish mumkin.
Xo‘sh, bu mahsulot nima va u qanday yaratilgan? Gidrogel – suvda yuqori bo‘kuvchan sintetik polimer bo‘lib, u tuproq tarkibida ko‘p miqdordagi namlikni uzoq vaqt davomida saqlash imkoniyatiga ega. Ushbu mahsulot asosan mamlakatimizda mavjud bo‘lgan mahalliy xomashyolar asosida sintez qilingan. Shu sababli, mahalliysi shu kabi import mahsulotlarga nisbatan bahosi 8 barobar arzon, lekin ularning xususiyatlari bir xildir.
Gidrogel qishda yomg‘ir, qor suvlarida namlikni yoki yozda sug‘orishdagi suvni o‘ziga shimib, uzoq vaqt saqlaydi hamda o‘simliklar ildiziga nam berib turadi. U o‘z og‘irligidan 400-500 marotaba ko‘p yomg‘ir suvini, 200-400 marotaba ko‘p tuproq namligini yuta oladi.
Bir gektar maydonga 35-50 kg. gidrogel sarflanishi hisobiga taxminan 120-140 metr kub suv tejashga erishiladi. Tuvakda o‘stiriladigan o‘simliklar uchun 50-80 foiz, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun 20-40 foiz suvni tejash imkoniyati yaratiladi. Dala sharoitidagi gidrogel o‘z xususiyatini 2-3 yil davomida yo‘qotmaydi.
Eskirgan gidrogel qoldiqlari esa tuproq tarkibini buzmaydi va o‘simliklar tomonidan azotli o‘g‘it sifatida o‘zlashtiriladi.
Yuqorida keltirilgan tahlillarga ko‘ra, gidrogeldan respublikamizning suv tanqis hududlari, tog‘ va tog‘oldi (bodom, pista, yong‘oq), lalmikor yerlarida, Orolbo‘yi va cho‘l hududlarida (saksovul, yulg‘in va hokazo), magistral yo‘l bo‘ylarda daraxtzorlar barpo etishda foydalanish tavsiya etiladi. Bunda tajriba sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Jizzax viloyatlarida tajriba uchastkalari tashkil etish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, shaharsozlikni rivojlantirish jarayonida «Yashil makon», «Yangi O‘zbekiston» massivlarini yaratish maqsadida ko‘kalamzorlashtirishda (gazon, gul, manzarali daraxtlar), landshaft va dizaynda, istirohat bog‘larida keng foydalanish imkoniyati mavjud.
Xulosa qilib aytganda, gidrogeldan foydalanish boshqa turdagi suv tejovchi texnologiyalarga nisbatan arzonligi, samaradorligi, yer relefi va hajmi har xil maydonlarda qo‘llash mumkinligi hamda jarayonning qisqa muddatda amalga oshirilishi va ortiqcha xarajat talab etmasligi bilan farq qiladi. Ta’kidlash joizki, u tabiiy toza mahsulot bo‘lgani va eng asosiysi foydalanish muddati tugaganidan so‘ng tuproqqa so‘rilib ketishi tufayli tuproq tarkibiga, hudud infratuzilmasiga, ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta’sir qilmaydi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.