Allohga qilingan ibodat, yaxshi va solih amallar unga yaqinlashishga va uning roziligini topishga bir vositadir. Ana shu solih amallardan biri bu – qurbonlik sanaladi. Qurbonlik orqali Alloh bandasini o‘z molidan voz kecha olish imtihonidan o‘tkazadi.
Qurbonlik qilishlik fazilatli va go‘zal amallardandir. Qurbonlik boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida uning yaxshiligi, savobi insonga atalgandir. Bu haqda ushbu oyati karima dalil bo‘ladi: "Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetmas. Lekin U zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli u zotni ulug‘lashlaringiz uchun ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!" (Xaj surasi, 37-oyat).
Har bir inson Allohning rahmatidan, ajr-savoblaridan umidvor. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Alloh amriga itoatini va taqvosini namoyish etishdir. Hazrati Ali (r.a.) Rasululloh (s.a.v.) dan rivoyat qiladilar: "Kim qurbonlikka jonlik olishi uchun bozorga borsa, Alloh Taolo har bir qadamiga o‘nta savob ato etadi, o‘nta gunohini kechiradi va martabasini o‘n daraja ko‘taradi. Jonliqni savdo qilayotganda aytgan so‘zlarni tasbeh o‘rnida qabul qiladi. U uchun bergan har bir dirxamiga yetti yuz dirxamning savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan o‘nta farishta yaratadi va ular qiyomatgacha uning uchun istig‘for aytadilar. Qurbonlik go‘shtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilganlik savobini beradi" dedilar.
Qurbonlikning go‘shti asli uch qismga bo‘linib, bir qismi xomligicha kambag‘allarga, yana bir qismi xohishga ko‘ra ehson qilib yediriladi, yoki u ham tarqatib yuboriladi. Uchinchi qismi esa xonadon ahllari uchun qoldiriladi. Dovud Alayxissalom: "Yo Parvardigoro, Muhammad (s.a.v.) ummatlaring qilgan qurbonliklari uchun nima ato etgansan?" dedilar. Alloh Taolo xitob qildi: "Yo Dovud, Muhammad (s.a.v.) ummatlaridan qurbonlik qilganlarga qurbonlikning badanidan to‘kilgan qoni barobarida o‘nta savob ato qilib, o‘nta gunohini kechaman. Jannatdagi darajasini yuksaltirib, u yerda bir qasr bino qilaman va xurlarni nasib etaman. Yo Dovud, bu qurbonlik qiyomat kuni makrab bo‘lib, turli balolarni egasidan qaytaradi".
Qurbonlikning eng afzali qurbonlik qiluvchining o‘zi so‘yishidir. Agar o‘zi so‘yishni bilmasa, boshqa odamga buyurish ham mumkin. Lekin so‘yish vaqtida hozir bo‘lish mustahabdir (savobi ulug‘roqdir). Rasululloh (s.a.v.) qizlari Fotimaga(r.a.): "Borib qurbonligingga shohid bo‘l, uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening avvalgi gunohlaring mag‘firat qilinur", dedilar. "Ey Allohning rasuli! Bu bizga - ahli baytga xosmi yoki ommai musulmonlargami?" dedilar Fotima (r.a.). Shunda payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Yo‘q, ommai musulmonlargadir" deb javob berdilar.
Demak, har bir bandaga qilayotgan qurbonligi so‘yilishiga shohid bo‘lishligining savobi ulug‘roqdir.
Anas Ibn Molik Rasululloh (s.a.v.) dan rivoyat qiladilar: "Xashr (qiyomat) sodir bo‘lgan vaqt mo‘minlar o‘z qabrlaridan turadilar. Alloh: "Ey, farishtalar, mening bandalarimni maxsharga ulovsiz olib borasizlarmi? Endi tirilib qabrlaridan turgach, maxsharga piyoda borishmasin. Qurbonliklarini keltiring, minib borishsin", deydi.
Qurbonlik qilish qonun-qoidalari va odoblari haqida ko‘plab fiqh kitoblarda batafsil ma’lumotlar berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Arofatda turgan hollarida odamlarga qarab, shunday dedilar: "Ey, odamlar! Har bir (boy) xonadon ahli zimmasida har yili qurbonlik qilish majburiyati bordir". Ulamolar qurbonlikni Qurbon xayiti kuni quyosh chiqmasdan ilgari so‘yish mumkin emasligini aytib o‘tganlar. Chunki payg‘ambarimiz (s.a.v.) "Kim hayit namozini o‘qishdan oldin qurbonlikni so‘ygan bo‘lsa, o‘rniga boshqa jonliqni so‘ysin. Kim hali so‘ymagan bo‘lsa, endi namozdan keyin Allohning nomi bilan (bismillah Alloh Akbar) so‘yaversin" dedilar (Buxoriy rivoyati). Agar hayit kuni qurbonlik qilishga vaqt topa olmasa, hayitdan keyingi ikki kun ichida so‘yish ham joizdir. Bundan tashqari, qo‘y va echki bir kishining nomidan, mol va tuya bir kishidan to yetti kishigacha sheriklikda so‘yilishi mumkin.
Qurbonlik uchun so‘yiladigan hayvon nuqsonsiz bo‘lishi muhimdir. Baro ibn Ozib (r.a.) bu haqida rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.) bunday deganlar: "To‘rt xil jonivorni qurbonlik qilish joiz emas: bir ko‘zi ko‘rligi aniq bilinib turgan, kasalligi aniq bilinib turgan, oqsoqligi aniq bilinib turgan va iligi yo‘q bo‘lish darajada qarib qolgan hayvonlar".
Alloh o‘zining kalomida: "Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimani ehson qilsangiz albatta, Alloh uni bilguvchidir" (Oli-Imron surasi, 92-oyat) deb marhamat qilgan.
Alloh Taolo barchalarimizni o‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qiladigan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida qabul aylasin. Barchalarimizga Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!
Sharobiddin Musaboyev,
Andijon shahridagi "Abu Xurayra"
jome’ masjidi imom-xatibi.
O‘zA