Jizzax viloyatidagi 168 ta jome masjidida 70 mingga yaqin yurtdoshimiz Qurbon hayiti namozini ado etdi.
Vohadagi namoz o‘qilgan jome masjidlarning imomlari Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakatimizning barcha musulmonlari va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi hamda kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoamiz Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, xalqimizga ajoyib bayram sovg‘asini taqdim etganligi xususida to‘xtalib o‘tishdi.
Xalqimizning tinch va osuda yurtda yashayotgani, xotirjam ibodatlar qilayotgani, yurt boshiga oqil, xalqparvar rahbarni ato etganligi uchun allohga behisob shukurlar aytildi. Shuningdek, Qurbon hayiti bayrami tarixi, muqaddas Islom dini buyurgan ibodatlar, mamlakatimizda ushbu din rivoji, ma’naviy qadriyatlar yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, mamlakatdagi bugungi farovon hayotning mazmun-mohiyati haqida amri-ma’ruf qilinib, Qurbon hayitini munosib nishonlash, bu kunni ulug‘ bayram sifatida yaxshi kayfiyatda o‘tkazish lozimligini, gina-kudratlar unut bo‘lishi, imkoniyati borlar qurbonliklar qilib, ehtiyojmand, kam ta’minlangan, beva-bechora, yetim-yesirlarga ehson etishlari mumkinligi alohida qayd etildi.

– Qodir Alloh taboraku taologa behisob hamdu sanolar, uning payg‘ambarlariga salovatlar bo‘lsinki, Yangi O‘zbekistonimizning mo‘min-musulmonlari mustaqillik sharofati, tinchliksevar, xalqparvar muhtaram Yurtboshimizning say’i harakatlari tufayli xalqimizga Haj va Umra ziyoratlarini ado etishdek baxt nasib etdi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Mehmonxon Jabborov. – Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarayotgan vatandoshlarimizning hol-ahvoli bilan qiziqdi, qanaqa yordam kerak bo‘lsa ko‘rsatishga tayyor ekanlarini aytdi. O‘z navbatida, biz ham viloyatimizdan Saudiya Arabistoniga Haj amallarini bajargani borgan 685 nafar jizzaxlik vatandoshimiz vakillari bilan bog‘langanimizda, ular o‘zbekistonlik hojilarga u yerda yaratilgan sharoit, e’tibor va g‘amxo‘rlik boshqa biror musulmon davlatlaridan borganlarga yaratilmaganini aytib, davlatimiz rahbariga behisob rahmatlar izhor etdi, haqlariga duo qilishliklarini aytishdi.
Yo‘llarimizda tirbandlikni oldini olish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, namozxonlarning salomatligini nazorat qilish uchun mahalliy hokimliklar, IIB yo‘l harakati xavfsizligi, sog‘liqni saqlash tizimlari xodimlari va boshqa mutasaddilar beminnat xizmat ko‘rsatmoqda. Bu xayrli ishlar samarasida Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib, osoyishtalikda o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldik. Ana shunday ulug‘ kunlarga yetkazganiga Yaratganga behisob shukurlar bo‘lsin.

– Joriy yilning 25 may kuni muhtaram Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, mahalliy hokimliklar va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi, – deydi Jizzax viloyati hokimligi mas’ul xodimi Nurali Raimov. – Muborak Qurbon hayiti oldidan viloyatimizdagi 172 ta masjidda, 42 ta ziyoratgohda, 465 ta qabristonda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 2 ta “Muruvvat” va “Saxovat” uyiga 34 million 600 ming so‘mlik, 1997 nafar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va yolg‘iz keksalarga 675 million 600 ming so‘mlik, 363 nafar Ikkinchi jahon urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, nuroniylarga 113 million 720 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilganini ham shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz.
Bulardan tashqari, Turizm qo‘mitasi, Transport vazirligi, Nuroniy jamg‘armasi va ushbu tashkilotlarning hududiy quyi bo‘g‘inlari bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va qadamjolarga, tarixiy va ko‘hna shaharlarga ziyoratlarni tashkil etish bo‘yicha ham jadval ishlab chiqilib, ularning sayohatlari uchun barcha qulayliklar yaratib beriladi.

Qurbon hayiti barchalarimizga muborak bo‘lsin!
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri