Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qurbon hayiti: fazilatli kunlar shukronasi
08:55 / 2022-07-08

Xalqimizning o‘ziga yarasha shodu xurramlik qiladigan bayramlaridan biri bu Qurbon hayitidir. Muborak bu kunlarda barcha musulmonlar bir-birlarini bayram bilan qutlab, tabarruk keksalarimizga iymon, yoshlarga uzoq umr, tavfiq va rushdu hidoyat tilashadi. Qarindosh-urug‘lar, yoru birodarlarini ziyorat qiladilar, yaqinlari va bemorlarning holidan xabar oladilar. Bunday xayrli ishlar azaliy qadriyatlarimizdandir. Biror sababga ko‘ra arazlashgan, gina-kuduratli tanish-bilishlar ham hayit kunlarida o‘zaro uzr so‘rashib, bir-birlariga quchoq ochadilar. Mo‘min-musulmonlarimiz ushbu kunlarda “Kim bir kishiga yengillik yaratib bersa, Alloh unga qiyomatda yengillik beradi” degan hadisi sharifga amal qilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, yoshi ulug‘ keksalar va faxriylarimizga hurmat-ehtirom, mehr-muruvvat, saxovat ko‘rsatadilar.

Biz mansub bo‘lgan Islom dinining moliyaviy ibodatlaridan biri bo‘lgan qurbonlik buyuk Allohning ne’matlari uchun shukur etishimiz va Uning yo‘lida fidokorlik qilishimizning bir nishonasidir. Qurbonlik diniy bir ibodat bo‘lishidan tashqari, ayni vaqtda uning axloqiy, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyati bor. Qurbonlik shu jihati bilan ham islomdagi o‘zaro ijtimoiy yordamlashishning go‘zal bir namunasini tashkil etadi. 

Buyuk Allohning ne’matlari uchun shukur etish, haq yo‘lida fidokorlik qilish, moddiy imkoniyatlari yo‘l qo‘ymagan kimsalarning ma’lum bir vaqtlarda bo‘lsa ham go‘sht yeyishlarini ta’minlash, pirovardida savob olmoq va bir qancha balolardan asranmoq kabi diniy, axloqiy va ijtimoiy maqsadlarga yetishish qurbonlik shar’iyligining hikmatidir.

Qurbonlik ayni paytda Islomdagi ijtimoiy o‘zaro yordamlashishning va birdamlikning go‘zal namunalaridan biridir.

Qurbonlikdan maqsad — Alloh roziligini topish. Bu maqsadning amalga oshishi esa kibr va riyodan uzoq bo‘lib, samimiyat va ixlos bilan qurbonlikni ado etishga bog‘liqdir. 

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Oysha onamiz roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda: “Qurbonlik kunlarida inson qilgan amallarning Allohga mahbubrog‘i qon chiqarib, qurbonlik qilishda. Chunki qurbonlikka so‘yilgan hayvon qiyomat kunida shoxlari, yunglari va tuyoqlari bilan keladi. Ularning har biri uchun ajrlar beriladi. So‘yilgan vaqtda oqqan qon yerga tushmay turib, Allohning huzurida qabul bo‘ladi. Shuning uchun qurbonlikni chin dildan ado eting”, deganlar. 

Mo‘min-musulmonlar faqat shu kunlarda emas, balki yil davomida bir-birlariga bo‘ladigan muomala-yu munosabatlarni yaxshi qilmoqliklari lozim. Allohning bergan ne’matlaridan xayr-ehson qilish, saxovatli kishilarimiz muhtoj odamlarga yordam qo‘llarini cho‘zmoqliklari ayni savobdir. Zero, Alloh taolo marhamat qiladi: “Bergan har bir ehsoningiz o‘zingiz uchundir, kimki ezgu ish aylasa o‘zi uchundir”. 

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida “Beva va miskinga g‘amxo‘rlik qiluvchi kishi Alloh taolo yo‘lida sa’y-harakat qiluvchi yoki kechalari bilan toat-ibodat qilib, kunduzlari ro‘za tutuvchi kishi kabidir”, deb marhamat qilganlar. 

Ushbu fazilatli kunlarda Allohning irodasi, istiqlol sharofati va Yurtboshimizning ulkan g‘amxo‘rligi tufayli dunyo mo‘min-musulmonlari qatori yurtimizdan ham minglab vatandoshlarimiz Baytullohda ulug‘ haj ibodatida hozir bo‘lib turishibdi. Hojilar bu Muborak joylarda Alloh taolodan o‘zlari, oilalari va yurtlarini hifzu himoyasida saqlashini so‘rab, astoydil duolar qilishmoqda. Baytullohni tavof etgan vaqtlarida tazarru’ bilan ko‘zlaridan to‘kilgan yoshlar sababidan Alloh taolo ularga rahmat va barokotlarini inshoalloh nozil qilgusidur. 

Musulmon farzandi borki, umrida bir bor bo‘lsa-da, Allohning uyi — Ka’batullohni tavof qilish orzusida yuradi. Bu yil 12 ming nafardan ziyod hamyurtimiz Saudiya Arabistonining ikki muqaddas shahrida bo‘lib, ayni kunlarda Islomning beshinchi arkonini ado etishga puxta hozirlik ko‘rmoqdalar. Mehribon Robbimiz muborak safarda yurgan hamyurtlarimizning ibodatlarini qabul, elimiz va yurtimiz ravnaqi yo‘lida qilayotgan duolarini ijobat aylasin. 
Mamlakatimizda islom olamida ma’lum va mashhur sanalgan aziz avliyolar va allomalarning muborak nomlari tiklandi, ularning qo‘nim topgan joylari ziyoratgoh va qadamjolarga aylantirilib, obod etildi,

ilmiy-ma’naviy meroslari qadr topdi. Muhtasham masjidlar bunyod etilib, muqaddas dinimizdagi insonparvarlik g‘oyalarining mazmun-mohiyatini keksa-yu yosh ongiga singdirish uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi. Bularning barchasi uchun, albatta, shukrona qilishimiz kerak. 

Ulug‘ allomalarimiz “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Islomning shiori bo‘lgan Qurbon hayitida xursandchiligimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz zarur. 
Yana bir bor barchamizga Qurbon hayiti muborak bo‘lsin. Go‘zal diyorimizni turli balo-ofatlardan Yaratganning o‘zi asrasin, keyingi Qurbon hayiti kunlariga sihat-salomatlikda yetib borishimizni hammamizga nasib etsin.

Jamiyatimizdagi ahillik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlarga muvaffaqiyatlar, xalqimizga xotirjamlik, farovonlik va qut-baraka ato etishini tilab qolamiz. 

 

Ubaydulloh Abdullayev,  
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi