Surxondaryo viloyatidagi Qumqo‘rg‘on tumanida 217 fermer xo‘jaligi 7 ming 952 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, mo‘l hosil to‘plamoqda.
Hozirgacha 4 ming gektardan ortiq maydondagi nihollar qiyg‘os gulladi. 4 ming gektarga yaqin maydondagi g‘o‘zalar ko‘sakladi.
“Hojimurod Mamatraimov” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda tuman hokimi R.Gaffarov shu haqda atroflicha fikr yuritdi. Surxondaryo viloyat paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi M.Qodirov ob-havo injiq kelayotgan bu yilgi sharoitda g‘o‘zani sug‘orish va chilpishni to‘g‘ri, sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
"Hojimurod Mamatraimov" fermer xo‘jaligi paxtakorlari joriy yilda 54 gektar maydonda "Beshqahramon" navli g‘o‘za nihollarini parvarishlayotir. Noqulay ob-havo va suv taqchilligi kuzatilayotgan yilda omilkorlik bilan ish yuritib, salmoqli hosil to‘plamoqda.
Seminarda sektorlar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agronomlar chekanka qilingan nihollarni obi-tobida sug‘orish, mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, qator oralarini chopiq qilish, chuqur yumshatish hamda g‘o‘zani bargidan oziqlantirish bo‘yicha ham yetarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi hamda o‘zaro tajriba almashdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA